Rasmiy munosabat: andijonlik yigit organ xodimlarining qiynog‘idan so‘ng o‘zini osganmidi?

Rasmiy munosabat: andijonlik yigit organ xodimlarining qiynog‘idan so‘ng o‘zini osganmidi?

Shu yilning 11 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi nom bilan tarqatilgan xabar Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, 2019 yilning 4 may kuni soat 16.00larda, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon shahar B.Raximov ko‘chasida joylashgan Zamin oshxonasi oldida o‘zini shubhali tutgan, Asaka tumani Devatagi mahalla fuqarolari yig‘ini Manjara ko‘chasi 152-uyda yashovchi 1977 yilda tug‘ilgan Xaydarova Maxbubaxon Xursanbekovna to‘xtatilib, u bilan profilaktik suhbat o‘tkazilganida, M.Xaydarova o‘z ixtiyori bilan qo‘lidagi 1 dona konvalyutada bo‘lgan Fenazepam psixotrop vositasini taqdim qilgan. Olib borilgan surishtiruv harakatlari natijasida M.Xaydarova o‘z ixtiyori bilan taqdim qilgan Fenazepam psixotrop vositasini qayerdan olganligi so‘ralganida, ushbu psixotrop vositasini 40 ming so‘m evaziga o‘ziga tanish bo‘lgan Andijon shahar, Mustaqillik mahalla fuqarolari yig‘ini, Mangulik ko‘chasi 18-uyda yashovchi, muqaddam 2019 yil 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan sudlangan, ustachilik bilan shug‘ullanadigan, 4 yil 9 oy 18 kun ozodlikdan cheklash jazosini o‘tayotgan (sud tomonidan sutkaning kechki soat 22.00dan ertalabki 06.00ga qadar yashash uyidan chiqish cheklanishi haqida cheklov o‘rnatilgan) 1986 yilda tug‘ilgan Yunusov Begzodbek Xamidovichdan olganligini ma’lum qilgan.

B.Yunusov bilan o‘tkazilgan suhbatda u xaqiqatdan ham singlisi Andijon shahar B.Raximov ko‘chasi 20-uyda yashovchi, muqaddam 2018 yil 14 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi bilan sudlangan, hozirda 2 yillik sinov muddatini o‘tab kelayotgan 1989 yilda tug‘ilgan Xaitboyeva Gulnozaxon Xamidovnaga telefon qilib, uni topshirig‘iga asosan G.Xaitboyevaning tanishidan Fenazepam psixotrop vositasini olib, M.Xaydarovaga berganligini malum qilgan.

Mazkur holatni hujjatlashtirish maqsadida, tezkor xodimlar tomonidan ushbu ishga aloqador shaxslar Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi binosiga olib kelinib, gumon qilingan shaxslar bilan bog‘liq holatlar rasmiylashtirilib, B.Yunusov va M.Xaydarovalarning ko‘rgazmalari ikki nafar xolislar ishtirokida videotasvirga tushirilgan.

2019 yil 4 may kuni mazkur holatni rasmiylashtirish jarayonida fuqaro B.Yunusov va M.Xaydarovalar bilan bog‘liq surishtiruvni to‘la, har tomonlama va xolisona bo‘lishini ta’minlash maqsadida tibbiyot xodimlari ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning sog‘lomligi haqidagi ma’lumotnoma ish hujjatlariga qo‘shilgan.

Surishtiruv hujjatlari rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy hal etishlik uchun Andijon shahar IIO FMB Tergov bo‘limiga taqdim etilgan.

2019 yil 10 may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-son ichki ishlar bo‘limi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi tayanch punktlari profilaktika inspektori F.Isamiddinov shu kuni soat 19.00larda, B.Raximov ko‘chasi 20-uyda yashagan, Yunusov Begzod Xamidovich noma’lum sabablarga ko‘ra, yashash uyi omborxonasining to‘siniga arqon bilan o‘zini-o‘zi osib o‘ldirganligini telefon orqali xabar qilgan.

Voqea joyi tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan va ko‘zdan kechirish vaqtida B.Yunusovning yotoqxonasidan karton qutining ichki tarafiga ko‘k siyohli qalamda Mendan rozi bo‘linglar, meni kechiringlar yozuvi mavjud qo‘lyozma olingan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmokda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!