Qiyomatda ayblari oshkor etilmaydigan banda

Qiyomatda ayblari oshkor etilmaydigan banda

Qur’oni Karimning juda ko‘p oyatlarida, Alloh taologa iymon keltirishga va solih amallar qilishga chaqiriladi. Shu bilan gunoh ishlar qilmaslik, yomonliklardan uzoq bo‘lishga targ‘ib etiladi. Solih amallarga qanchalik targ‘ib, yomonliklarni ne qadar ta’qiq etmasin, yaxshiga savob, yomonga gunoh va’da qilinmasin, gunohkorning dunyodagi jazosini had yoki ta’zir timsolida belgilamasin, shariatimiz jinoyatchining gunohini isbot etishda, unga hukm qilishda o‘ziga xos yo‘l tutadi, uslub qo‘llaydi. Jinoyati isbot bo‘lgunicha, uni ayblamaydi, yashirin tutadi.

Bu hukmlar bilan tanishgan inson, Islomning naqadar insonparvar din ekaniga, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning olamlarga rahmat qilib yuborilganligiga amin bo‘ladi. Bu hukmlarga taalluqli mavzuni shariatimizda satr , deyiladi. Lug‘atda, satr bir narsani o‘rash, yopish ma’nolarini anglatadi. Hadisi sharifda: Alloh hayoli va yopuvchidir, hayoli va yopuvchini sevadi , deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ulamolar, mo‘mindan sodir bo‘lgan ayb, gunoh yoki fujurga guvoh bo‘lib qolgan kishiga, uni yashirmoqlikka, ya’ni satr etmoqlik mustahabligiga ijmo’ qilishgan. Xususan, bunday nojo‘ya ishlar obro‘li, yomonligi kuzatilmagan, buzuqilik bilan tanilmagan va unga targ‘ib etmaydigan kishidan sodir bo‘lsa, buni ommaga ham, xosga ham, hokimga ham, qoziga ham oshkor qilmaslik kerak bo‘ladi. Musulmonning aybini yashirish, toyinishini poylashdan qaytarish xususida ko‘p hadislar vorid bo‘lgan: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: Kim mo‘minning aybini yashirsa Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Boshqa bir rivoyatda: Alloh taolo, uning aybini dunyo va oxiratda yashiradi , deyiladi (Imom Termiziy rivoyati). Yana Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: Yaxshilaringizdan, adashishlarida ko‘z yumingiz deydilar (Imom Abu Dovud rivoyati). Boshqa bir hadisda esa: Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh taolo uning aybini oshkor qiladi, to uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi , deyiladi (Imom Ibn Mojja rivoyati).

Chunki, ayblarni oshkor qilish, bir mo‘mindan voqe’ bo‘lgan ishni so‘zlash harom etilgan g‘iybatga olib boradi, fahshni yoyish hisoblanadi. Ulamolardan birlari aytganlar: Osiylarning aybini yashirishga harakat qil. Chunki ularning aybi oshkor bo‘lishi ahli Islomga aybdir. Ishlarning avlosi ayblarni yashirishdir . Fuzayl ibn Iyoz aytadil: Mo‘min yashiradi va nasihat qiladi. Fojir esa oshkor qiladi va ayblaydi .

Ammo kishi ozor, fasod, oshkora fosiqlik va gunohga beparvolik bilan tanilgan bo‘lsa, uning holini odamlarga ochib, ularga ma’lum qilish lozim bo‘ladi. Chunki odamlar, undan hazarda, yomonligidan ehtiyot bo‘lishsin. Balki uning ishlari, agar katta muammolardan qo‘rqilmasa, hokimga olib chiqilishi lozim. Chunki bundagi satr uning ozor, fasod va gunohlarga yana jur’at qilishiga umidvor etadi va boshqalarda, uningdek bo‘lishga jasorat paydo qiladi. Uning fisqi kuchayib, odamlardan hayiqmaydigan bo‘lib qolsa, jinoyatini yashirmasdan valiyul amrga ko‘tarib chiqish endi vojib bo‘lib qoladi. To u osiyga odob bersin, buzg‘unchiligiga yarasha shariatda ko‘rsatilgan had yoki ta’zirni ijro qilsin!

Bu hukmlarning barchasi o‘tmishda bo‘lib o‘tgan gunohlarni yashirishga tegishli. Ammo kishini gunoh ustida ushlansa, uni tezlikda qaytarish, imkoni boricha undan qaytarish vojib bo‘ladi. Kechiktirish va sukut etish halol emas. Qaytarishdan yakka o‘zi ojiz bo‘lsa, arziholi bundan ortiq muammoga sabab bo‘lmasa, hokimiyat vakiliga arz qilmoq kerak bo‘ladi. Sizlardan biringiz munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga qodir bo‘lmasa, tili bilan, agar bunga ham kuchi yetmasa, qalbi bilan o‘zgartirsin! Bu esa iymonning eng zaifidir , deganlar Payg‘ambarimiz alayhissalom (Imom Muslim rivoyati).

Bu bobga tegishli ulamolarning yana bir so‘zi bor. Ya’ni, hech kimga musulmonlardan birovi aybini poylash, josuslik qilish mumkin emas. Alloh taolo: Josuslik qilmang , deydi ( Hujurot surasi, 12-oyat). Josuslikdan qaytarilgan hadisi shariflar ham mavjud. Bundan quyidagi holatlar mustasno: Roviylarni, guvohlarni, sadaqa, vaqflar va yetimlarga aminlarni tekshirishga hojat bo‘lganida, ularning layoqatiga putur yetkazadigan aybini yashirish halol bo‘lmaydi. Bu ayblarni oshkor qilish harom etilgan g‘iybat emas, balki vojib nasihatdan sanaladi.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!