Qashqadaryoda prokuror qabuliga borganlar g‘alayon ko‘targani aytilgan hodisaga Bosh prokuratura munosabat bildirdi

Qashqadaryoda prokuror qabuliga borganlar g‘alayon ko‘targani aytilgan hodisaga Bosh prokuratura munosabat bildirdi

2021 yil 28 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekistonda qonun yo‘q — prokuror qabuliga borganlar g‘alayon ko‘tardi» sarlavhasi bilan videolavha tarqalgan. Videolavhada Chiroqchi tumanida yashovchi bir guruh fuqarolar yaqinlari iyun oyida o‘ldirilgani, ammo prokuratura tomonidan surishtiruvlar yetarlicha o‘tkazilmayotganini bayon qilishgan. Bosh prokuratura mazkur videolavha yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, 25 avgust kuni Chiroqchi tumani Tarag‘ay mahallasida yashovchi A.B. mast holda o‘g‘liga og‘ir tan jarohati yetkazib, o‘limiga sababchi bo‘lgan. Mazkur hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda Chiroqchi tumani IIB tergovchilari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yil 27 avgust kuni soat 18:00larda jinoyatning kelib chiqishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash va kelgusida shu kabi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida Chiroqchi tumani Tarag‘ay mahallasidagi 27-maktab binosida Tarag‘ay va unga qo‘shni bo‘lgan Langar mahallalari faollari ishtirokida tuman hamda viloyat IIB mas’ullari tomonidan muhokama yig‘ilishi o‘tkazilgan. Yig‘ilish ichki ishlar organlari tomonidan tashkil etilib, unda prokuratura vakillarining ishtiroki nazarda tutilmagan.

Qayd etilishicha, ana shu yig‘ilishga joriy yil 25 iyun kuni Langar mahallasida sodir bo‘lgan jinoyatda vafot etgan J.A.ning bir guruh qarindoshlari kelgan. Ular jamoat tartibini buzib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga nisbatan tuhmat va haqoratomuz iboralarni ishlatib, o‘zlarini prokuror qabul qilishini talab qilgan. So‘ng «Viloyat prokuraturasi majlisga kelaman deb kelmadi», degan asossiz vajlar bilan holatni videoga olib internet tarmoqlarida tarqatib yuborgan.

«Videolavha orqali huquqni muhofaza etuvchi organlarni obro‘sizlantirishga qaratilgan harakatlarga qonuniy baho berilishi ta’minlanadi», deyiladi munosabatda.

Bosh prokuratura tomonidan ma’lumot berilishicha, joriy yil 25 iyun kuni «Langar» MFY To‘laqul qishlog‘ida yashovchi J.A. qo‘shnisi – homilador N.J.ga nisbatan kuch ishlatib, uni jinsiy aloqa qilishga undagan. Biroq yuzaga kelgan holatda o‘z nomusini himoya qilgan ayol yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan J.A.ga bir marta zarba urib, uni o‘ldirgan.

Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirda Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov harakatlari davomida J.A.ning o‘limi holati yuzasidan Chiroqchi tuman prokurori tomonidan Langar qishlog‘ida aholi va jabrlanuvchilar bilan 2 marotaba uchrashuv o‘tkazilgan. Bundan tashqari, marhumning yaqinlari tuman prokuraturasida 3 marotaba qabul qilinib, ularning jinoyatga N.J.ning akasi va otasining ham aloqasi borligi haqidagi taxminlari dastlabki tergovda tekshirilib, o‘z tasdig‘ini topmagani ma’lum qilingan.

Ta’kidlanishicha, J.A.ning o‘limi holati yuzasidan tergov harakatlari ustidan viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!