Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida yuz bergan otishmada 3 nafar ispaniyalik sayyoh halok bo‘ldi

Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida yuz bergan otishmada 3 nafar ispaniyalik sayyoh halok bo‘ldi

Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida 17 may kuni yuz bergan otishmada 3 nafar Ispaniya fuqarosi halok bo‘lgan. Bu haqda CNN'ga asoslanib, Daryo nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, otishmada jami 4 nafar shaxs halok bo‘lgan. Ularning uch nafari ispan sayyohi va 1 nafari mahalliy fuqaro bo‘lgan.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi ham ushbu xabarni tasdiqlagan. Vazirlik matbuot kotibi Abdul Matin Qane Bomiyondagi falokat qurbonlarining oilalariga hamdardlik yo‘llagan.

Bir qancha mahalliy nashrlar yaralangan fuqarolar haqida ham xabar bergan. To‘rt nafar xorij fuqarosi va uch nafar afg‘onistonlik hujumda yaralanib, yaqin atrofdagi kasalxonaga olib ketilgani aytilgan.

Ispaniya Tashqi ishlar vazirligi favqulodda konsullik bo‘limi bilan vaziyatni aniqlashtirish, jabrlanganlarga yordam berish va ularning oilalari bilan bog‘lanish uchun qizg‘in ish olib borayotganini bildirgan.

“Afg‘onistonda ispaniyalik sayyohlarning o‘ldirilishi haqidagi xabardan hayratda qoldim. Men vaziyatni diqqat bilan kuzatib boryapman. Ispaniya Tashqi ishlar vazirligining Favqulodda konsullik bo‘limi barcha zarur yordamni ko‘rsatish borasida ishlamoqda. Men qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va do‘stlariga hamdardligimni bildirmoqchiman”, — deb yozgan Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!