Qurollarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod etiladi

Qurollarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod etiladi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan profilaktik ishlarga qaramasdan o‘qotar bo‘lmagan, ya’ni pnevmatik qurolga noqonuniy egalik qilish, uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish bilan bog‘liq holatlar uchrab turibdi.

2023 yilda pnevmatik qurollar bilan bog‘liq 5 ta noxush holat sodir etilgan va buning oqibatida 4 nafar fuqaro jarohatlangan, 1 nafar shaxs halok bo‘lgan.

Qonunchilikka ko‘ra, fuqaro o‘z ixtiyori bilan pnevmatik qurolni topshirsa, ushbu qurol musodara qilinib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravariga, mansabdor shaxslarga esa yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Vaholanki, Jinoyat kodeksining 248-moddasida jamoat xavfsizligi darajasi ancha yuqoriroq bo‘lgan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida qonunchilikda pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish quroli kabi o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi normani mustahkamlash zarurati yuzaga kelgan.

Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 220-1-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun shu maqsadga xizmat qiladi.

Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 220-1-moddasiga shaxsni o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ixtiyoriy ravishda topshirganda ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Qonun jamoat tartibini saqlash va o‘qotar bo‘lmagan qurol turlari qonunga xilof muomalasining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!