“Umra” ziyorati bilan bog‘liq firibgarliklarga chek qo‘yiladi

“Umra” ziyorati bilan bog‘liq firibgarliklarga chek qo‘yiladi

Fuqarolarning “Umra” ziyoratiga borib-kelishi keng ommalashgani sari bu jarayondan foyda olishni ko‘zlayotganlar ham ko‘paydi.

Turizm faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayrim tadbirkorlar “Umra” safariga bormoqchi bo‘layotgan fuqarolarga eng yaxshi sharoitlarni va’da qilishi, lekin amalda buni bajarmasligi holatlari uchramoqda.

Mehmonxonalar bilan bog‘liq muammolar, ziyoratchilar borish-kelishda samolyot reyslarining belgilangan sanadan kechikishi kabi holatlar yurtdoshlarimizni qiynab yubordi.

Bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.

Qonun ziyoratchilarga munosib shart-sharoitlar yaratish, xorijda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishiga qaratilgan.

Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan qonun bilan “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida” va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yangi lisenziyalanadigan faoliyat turi joriy etilmoqda. Bunda, ushbu lisenziya Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan berilishi hamda ushbu lisenziyani olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida davlat boji belgilandi.

Qonun bilan lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar qatoriga qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Endilikda “Umra” tadbirlarini lisenziyasiz amalga oshirish yoki lisenziyalarni qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olish BHMning 200 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonun yurtdoshlarimizning huquq va erkinliklari kafolatlanishiga, turli firibgarliklarning oldi olinishiga, eng muhimi, ziyorat paytida har bir fuqaro davlat himoyasida bo‘lishiga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!