JSST: 2019 yilda dunyoda astma kasalligidan 455 ming nafar kishi vafot etgan

JSST: 2019 yilda dunyoda astma kasalligidan 455 ming nafar kishi vafot etgan

🌐Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan astma kasalligi bilan bog‘liq yangi hisobot e’lon qilindi.

📊Unga ko‘ra, 2019 yilda dunyoda astma bilan kasallanganlar soni 262 million nafarni tashkil qilgan va bu xastalikdan vafot etganlar 455 ming nafarga yetgan.

🗂Astma bilan bog‘liq o‘lim holatlarining aksariyati daromad darajasi past va o‘rta bo‘lgan mamlakatlarga to‘g‘ri keladi, bu davlatlarda astmani aniqlash va davolash ko‘rsatkichlari yetarli darajada emas.

🔗Astma jiddiy kasallik, ammo to‘g‘ri davolash yo‘li bilan uni nazorat ostida ushlab turish mumkin.

🔻Agar oilada astmatiklar bo‘lsa, bu xastalik bilan kasallanish ehtimoli ortadi. Odatda astma boshqa allergik kasalliklarga chalingan odamlarda rivojlanishi mumkin.

📈 Bolalar va ortiqcha vaznga ega bo‘lgan katta yoshdagi odamlarda astma rivojlanish xavfi yuqori bo‘ladi.

✅Astmani butunlay tuzatib bo‘lmaydi, ammo unga qarshi kurashish uchun bir qator davolash usullari mavjud. Eng keng tarqalgani — bu dorini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘pkaga yetkazib beradigan ingalyatordan foydalanish. Ingalyatorlar astma bilan og‘rigan odamlarga kasallikni nazorat ostida ushlab turishga hamda normal va faol hayot kechirishga yordam beradi.

🖇Ammo, JSSTga ko‘ra, ko‘pgina mamlakatlarda barcha bemorlar ham ingalyatorlarni olish imkoniga ega emas. 2021 yilda daromad darajasi past va o‘rtadan past bo‘lgan mamlakatlarning faqat yarmida astma bilan og‘rigan odamlarda bronxodilatatorlar, uchdan birida esa steroid ingalyatorlardan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lgan.

📌Astma bilan og‘rigan odamlar va ularning oila a’zolariga bu kasallik haqida ko‘proq ma’lumot taqdim etish muhim. Bunga davolanish yo‘llarini tanlash, qo‘zg‘atuvchi omillarni bartaraf qilish va uy sharoitida simptomlarni yengillashtirish usullari kiradi.

📓Astma JSSTning noinfeksion kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha Global harakatlar rejasiga va BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish kun tartibiga kiritilgan. (https://telegra.ph/file/7c7eccbe3149920cc2596.png)

🔷Astma uchun muhim xavf omili havoning ifloslanishi bo‘lib, bu kasallikning yangi holatlarini keltirib chiqaradi. JSST sog‘liqni saqlash xodimlari uchun havoning ifloslanishiga doir o‘quv dasturini ishlab chiqdi, unda bu masala haqida batafsil aytilib, ushbu omilning ta’sirini kamaytirish va yumshatish bo‘yicha amaliy maslahatlar berilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!