Oqlov hukmi o‘z kuchida qoldirildi. Shaxs aybsiz

Oqlov hukmi o‘z kuchida qoldirildi. Shaxs aybsiz

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jondor tuman sudining 2019 yil 27 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra, SH.Sherov, O‘zbekiston Respublikasi JK 182-moddasi 2-qismining “a” bandi, 228-moddasi 2-qismining “a” bandi va 228-moddasining 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli oqlangan.

Buxoro viloyat Bojxona boshqarmasi Kogon TIFga “VIXARATEKST” MCHJ tomonidan 14.12.2018 yildagi M181214-sonli shartnomaga asosan taqdim etiladigan bojxona deklarasiyasini qabul qilib, ruyxatdan o‘tkazish va rasmiylashtirish majburiyati yuklangan va bojxona to‘g‘risidagi qonun talablari bajarilgach, ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan 1206 dona televizorlar SH.Sherovga qaytarilishi belgilangan.

Sud xukmiga ko‘ra, SH.Sherov dastlabki tergov organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli isloxotlar barobarida tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan imtiyozlardan qonunga xilof tarzda o‘zining jinoiy maqsadlarida foydalanib, Respublika iqtisodiyotini normal rivojlanishini ta’minlovchi xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish tartibiga zid ravishda, nazorat qilinmaydigan daromad olishni ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan buyin tovlash maqsadida, bojxona to‘lovlari yuqori hisoblangan har xil o‘lchamdagi televizorlarni yuk kuzatuv hujjatlarida bojxona to‘lovlari past hisoblangan “Niti sinteticheskiy”, “Voylok nepropitannie iz prochix tekstilnix materialov”, “Voylok dlya osnovi” va “Steklovata” tovarlari nomi bilan ko‘rsatib, ushbu tovarlarni bojxona hujjatlari yoki vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan foydalanib, deklarasiya qilmasdan, ya’ni yolg‘on ma’lumot kiritilgan va boshqa tovarlarga tegishli hujjatlarni hamda tovarlar haqida ma’lumotlarni qasddan bayon qilmasdan O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazib, juda ko‘p miqdordagi bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, ushbu tovarlarni bojxona nazorati rejimidan chiqarishda foydalanish maqsadida muayyan huquq beradigan rasmiy hujjatlarni takroran qalbakilashtirish, hujjatning qalbaki ekanini bila turib, undan foydalanish jinoyatlarini sodir etganlikda ayblangan.

Jumladan, e’lon qilingan ayblovga ko‘ra, SH.Sherov, Xitoy Xalq Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga televizorlarni import qilishni maqsad qilib, mazkur televizorlarni shu vaqtda rasmiy hujjatlar bilan O‘zbekiston Respublikasi bojxona nazoratidan olib o‘tgan taqdirda bojxona to‘lovlari yuqori narxlarda hisoblanishini anglab, noqonuniy ravishda televizorlarni O‘zbekiston Respublikasi xududiga olib kirishni rejalashtirib, shu vaqtda Buxoro viloyatida davlat ruyxatidan o‘tgan “VIXARATEKST” MCHJning rasman direktori hisoblansada, ushbu MCHJ nomiga televizorlarini noqonuniy ravishda olib kirsa va bu xolat kelgusida aniqlansa, jinoiy javobgarlikka tortilishini bilib, javobgarlikdan qutilish maqsadida, Buxoro viloyatidan davlat ruyxatidan o‘tgan Xitoy Xalk Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga maxsulotlarni import qilish uchun 2018 yil 10 yanvar kuni “Xinjiang Lianda Weiye Economy and Trade Co.Ltd” kompaniyasi bilan 1/2018-sonli, 2018 yil 13 dekabr kuni “Jiangsu Mittal international Trading Co.Ltd” kompaniyasi bilan M181213-sonli shartnomalarga ega bo‘lgan va turli xildagi mahsulotlarni doimiy ravishda import qiluvchi “SHAXBOZ CARPET TEKSTILE” MCHJ nomiga, ushbu MCHJ raxbarlaridan yashirin ravishda televizor mahsulotlarini hujjatlarda boshqa turdagi tovarlarning nomini ko‘rsatgan holda keltirganlikda, xususan, “Xinjiang Lianda Weiye Economy and Trade Co.Ltd” kompaniyasining topshirig‘iga asosan Qozog‘iston Respublikasining “KZ Carrier LLC” kompaniyasidan 2018 yil 18 dekabr kungi 88/1-sonli invoys, 74192272-sonli SMGS bilan jami 5243,2 AQSh dollari qiymatidagi “Niti sinteticheskiy”, “Voylok ne propitannie iz prochix tekstilnix materialov” va “Steklovata” nomdagi tovar-moddiy boyliklari CRXU9743176 raqamli yuk konteynerida, “Jiangsu Mittal international Trading Co.Ltd” kompaniyasining topshirig‘iga asosan Qozog‘iston Respublikasining “KZ Carrier LLC” kompaniyasidan 2018 yil 24 dekabr kungi 1/1-sonli invoys, 74192271-sonli SMGS bilan jami 5422,1 AQSh dollari qiymatidagi “Niti sinteticheskiy” va “Voylok dlya osnovi” nomdagi tovar-modsiy boyliklari PRGU9325586 rakamli yuk konteynerida “Shaxboz carpet tekstil” MCHJga yuborilgan temir yo‘l platformalari, 2018 yil 29 dekabr kuni Buxoro viloyatidagi “Xo‘jadavlat” chegara bojxona posti orqali O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan, 2018 yil 31 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan Buxoro shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, CRXU 743176 rakamli va PRCU 9325586 raqamli yuk konteynerlar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, ushbu konteynerlarda yuqoridagi yo‘l yuk hujjatlarida qayd qilingan tovar-moddiy boyliklar mavjud emasligi, ularning o‘rnida yo‘l yuk hujjatlarida ko‘rsatilmagan 1.206 dona turli o‘lchamdagi “LG” rusumli televizorlar mavjudligi aniklanib, baxolash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Elektron Baxolash” MCHJning 03.01.2019 yilgi 40/1-19-EV raqamli baholash hisobotiga ko‘ra, mazkur televizorlarning umumiy qiymati 5.072.199.000 so‘mni takshil qilgan bo‘lib, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi bojxona to‘lovlari bo‘limining 03.01.2019 yilgi 47-sonli ma’lumotnomasiga ko‘ra, ushbu televizorlar uchun 5.016.521.835 sum bojxona to‘lovlari hisoblanishi qayd etilgan, shundan so‘ng, SH.Dj.Sherov jinoiy faoliyati oshkor bo‘lganini bila turib, o‘zini jinoiy javobgarlikka tortilishini oldini olish va jinoiy javobgarlikdan qutilish maqsadida ushbu televizorlar aslida “VIXARATEKST” MCHJ nomiga kelishi kerak bo‘lgani, yuboruvchi kompaniyani xatosi tufayli tovarlar “SHAXBOZ CARPET TEKSTILE” MCHJ nomiga boshqa nom bilan kelib qolgani haqidagi xatni tayyorlab, ushbu xatga ilova qilgan xolda 22.12.2018 yilgi “Xinjiang Lianda Weiye Economy and Trade Co.Ltd” kompaniyasining raqamsiz va shtampsiz xati nusxasi, 20.12.2018 yilgi 88/1 sonli invoys nusxasi, 27.12.2018 yilgi “Jiangsu Mittal international Trading Co.Ltd” kompaniyasining raqamsiz va shtampsiz xati nusxasi, 26.12.2018 yilgi 1/1 sonli invoys nusxasi, 14.12.2018 yilgi “VIXARATEKST” MCHJ va “Jiangsu Mittal international Trading Co.Ltd” kompaniyasining Ml 81214-sonli shartnomasi nusxasi, ushbu shartnomaning spesifikasiyasi nusxasi va qo‘shimcha kelishuvlari nusxalarini dastlabki tergovda aniqlanmagan usulda qalbakilashtirgan holatda tayyorlab, ushbu hujjat nusxalaridan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasiga noqonuniy ravishda kirib kelgan televizorlarni rasmiylashtirib olish maqsadida ularni bojxona idoralariga taqdim etganlikda; shuningdek, SH.Dj.Sherov o‘zining jinoiy rejasini oxiriga yetkazish maqsadida “Xinjiang Lianda Weiye Economy and Trade Co.Ltd” kompaniyasining sanasiz, raqamsiz va shtampsiz xati, 20.12.2018 yilgi 88/1 sonli invoys, “Jiangsu Mittal international Trading Co.Ltd” kompaniyasining sanasiz, raqamsiz va shtampsiz xati, 26.12.2018 yilgi 1/1 sonli invoys, 14.12.2018 yilgi “VIXARATEKST” MCHJ va “Jiangsu Mittal international Trading Co.Ltd” kompaniyasining Ml81214 sonli shatrnomasi, ushbu shartnomaning spesifikasiyasi va qo‘shimcha kelishuvlarini ham dastlabki tergovda aniqlanmagan usulda qalbakilashtirgan holatda tayyorlab, ushbu hujjatlardan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasiga noqonuniy ravishda kirib kelgan televizorlarni rasmiylashtirib olish uchun foydalanib, tergov idoralariga taqdim etib, juda ko‘p miqdordagi bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, ushbu tovarlarni bojxona nazorati rejimidan chiqarishda foydalanish maqsadida muayyan huquq beradigan rasmiy hujjatlarni takroran qalbakilashtirish, hujjatning qalbaki ekanini bila turib, undan foydalanish jinoyatlarini sodir qilganlikda Jinoyat kodeksi 182-moddasi 2-qismining “a” bandi, 228-moddasi 2-qismining “a” bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan ayblangan.

Apellyasiya protestida birinchi instansiya sudining oqlov hukmini bekor qilib, SH.Sherovga nisbatan ayblov hukmi chiqarish so‘ralgan.

Sudlov hay’ati, viloyat sudi sudyasi S.Nayimovning ish bo‘yicha ma’ruzasini, taraflarning fikrini eshitib, protestda keltirilgan vajlarni jinoyat ishida to‘plangan hujjatlar asosida tekshirib, quyidagilarga asosan birinchi instansiya sudi hukmini o‘zgarishsiz, protestni qanoatlantirishsiz qoldirishni lozim topadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 7-sonli Qarorining 4-bandida sudlarga berilgan raxbariy tushuntirishlarga muvofiq, ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkinligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqqilishi kerakligi, sudlanuvchini jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi, dalillarni baholash jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan mavjud holatlar haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi, rad etuvchi yoki shubha ostiga oluvchi faktlar yoki narsalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirgan taqdirdagina ishga aloqador deb e’tirof etilishi, hukmda sudlanuvchining jinoiy harakatlarini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan dalillarga asoslanganda, sud ularning mazmunini yoritishi va tegishli baho berishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Sudlov hay’ati, quyidagi asoslarga ko‘ra, birinchi instansiya sudi tomonidan sudlanuvchiga nisbatan oqlov hukmi chiqarishda qayd etilgan Qonun talablari va Oliy sud Plenumining rahbariy tushuntirishlariga rioya qilingan deb hisoblaydi.

Mazkur jinoyat ishi buyicha uni aybi yo‘qligini, hujjatlarni qalbakilashtirmaganligini, bojxona to‘lovlarini to‘lashdan buyin tovlamaganligini, unga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so‘rab ko‘rsatuv bergan.

SH.Sherovning mazkur ko‘rsatuvlari va unda keltirilgan vajlari jinoyat ishidagi hujjatlar bilan rad qilinmagan, uning zimmasiga qo‘yilgan ayblovlar dastlabki tergov organining taxminlariga asoslangan bo‘lib, SH.Sherovning aybsizligi quyidagi dalillar majmui bilan isbotlangan.

O‘zbekiston Respublikasi JK 182-moddasi 2-qismining “a” bandida, bojxona hujjatlari yoki vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan foydalangan holda yoki deklarasiyasiz yoxud boshqa nomga yozilgan deklarasiyadan foydalanib juda ko‘p miqdordagi tovar yoki boshqa qimmatliklarni O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Mazkur jinoyatning ob’ekti davlat va jamiyatning iqtisodiy manfaatlari hisoblanadi, chunki, birinchidan, bu qilmishni sodir etish natijasida olib kiriladigan va olib chiqiladigan tovar­larga qo‘yilgan bojlar davlat byudjetiga kelib tushmaydi, ik­kinchidan, Respublikadan mamlakat iqtisodiy ahamiyatiga ega bo‘lgan, chiqarilishi ta’qiqlangan tovarlar chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi. Jinoyatning bevosita ob’ekti tovar yoki boshqa qimmatlik­larni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali o‘tkazishning belgilab qo‘yilgan tartibi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining asoslari hisobla­nadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013 yil 06 sentyabr kunidagi “Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 9-bandi 3-xatboshisida, bojxona organi tomonidan bojxona deklarasiyasini tekshirish, tovarlarni ko‘zdan kechirish va bojxona deklarasiyasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar noto‘g‘riligi aniqlanguniga qadar bojxona deklarasiyasida yo‘l quyilgan xatolarning deklorant tomonidan mustaqil tuzatilishi (BK 265-266 moddalari) ma’muriy va jinoiy javobgarlikni istisno etishi haqida tushuntirish berilgan.

Plenum qarorining 10-bandi 3-xatboshisida esa, bojxona hujjatlari yoki vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan yoki deklarasiyasiz yoxud boshqa nomga yozilgan deklarasiyadan foydalangan holda tovarlarni bojxona chegarasidan o‘tkazish jinoyati bojxona organlari tomonidan tegishli hujjatlar ruyxatga olingan paytdan boshlab tugallangan hisoblanishi haqida tushuntirishlar berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 264-moddasida, bojxona organi bojxona deklarasiyasini qabul qilishni rad etishga haqli emasligi, bojxona deklarasiyasi qabul qilinganligini rasmiylashtirish u topshirilgan kunda, ruyxatdan o‘tkazish orqali amalga oshirilishi, bojxona deklarasiyasi qabul qilinganligi rasmiylashtirilgan paytdan boshlab, u yuridik ahamiyatga molik faktlardan dalolat beruvchi hujjatga aylanishi ko‘rsatilgan.

O‘z navbatida, Bojxona kodeksining 265-moddasida, bojxona deklarasiyasida ko‘rsatilgan ma’lumotlarga deklarant tomonidan o‘zgartirishlar yoki qo‘shimchalar kiritilishi, topshirilgan bojxona deklarasiyasi esa qaytarib olinishi mumkinligi, bojxona deklarasiyasini o‘zgartirish, unga qo‘shimcha kiritish va uni qaytarib olish deklarasiya qabul qilinguniga qadar amalga oshirilishi mumkinligi, bojxona deklarasiyasi qabul qilinganidan so‘ng o‘zgartirish, qo‘shimcha kiritish, qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va bekor qilish deklarant bojxona organiga murojaat etganidan keyin amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

Biroq, bojxona organi ham, dastlabki tergov organi ham asossiz ravishda yuqorida ko‘rsatilgan qonun va Plenum qarori talablarini qo‘pol ravishda buzganlar.

Ish bo‘yicha, birinchi instansiya sudida guvoh tariqasida so‘roq qilingan J.Yaxyoyev, holat bo‘yicha yuk 2 ta konteynerda kelganligini, uning xodimlari konteynerlarni bojxona ko‘rigini rasmiylashtirishganidan keyin kontrabanda xodimlari hujjatlarni olishganligini, bundan oldin ya’ni, uni xodimlari chaqirilib, konteynerlar ochilguniga qadar sudlanuvchi SH.Sherov unga konteynerda “Niti sinteticheskiy”, “propitannie iz prochix tekstilnix materialov”, “Steklovata” va “Voylok dlya osnovi” nomdagi tovarlar emas televizor kelganligini aytib, konteynerlar ochilmasidan yukni televizor deb rasmiylashtirish uchun ruxsat so‘rab, ariza va hujjatlarni taqdim qilganligini bildirib ko‘satuvlar bergan. Bojxona xodimi sifatida J.Yaxyoyevning mazkur ko‘rsatuvlari, SH.Sherovning O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 265-moddasida ko‘rsatilgan qonuniy tartibda va qonuniy motivlar bilan harakat qilganligini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 463-moddasiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqarilishi, ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasiga muvofiq, qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan shaxs aybsiz deb topilishi lozim.

Qonunning mazmuniga ko‘ra, ishda to‘plangan dalillarning yetarli emasligi, dalillar qonunga zid ravishda olinganligi sababli ular dalil hisoblanmasligi yoki qo‘yilgan ayblovda sudlanuvchining to‘liq aybdorligi haqidagi shubhani bartaraf qilishning imkoniyati yo‘qligi haqidagi sudning asoslantirilgan xulosasi oqlov hukmi chiqarish uchun asos bo‘ladi.

Sudlov hay’ati, yuqorida ko‘rsatilgan asoslardan kelib chiqib, birinchi instansiya sudining SH.Sherovga oid oqlov hukmini o‘zgarishsiz, apellyasiya protestini esa qanoatlantirishsiz qoldirishni lozim topadi.   

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jondor tuman sudining 2019 yil 27 sentyabrdagi SH.Sherovga oid oqlov hukmi o‘zgarishsiz, apellyasiya protesti qanoatlantirishsiz qoldirildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro viloyat sudi

sudyasi S.Nayimov


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!