“Olot” chegara bojxona postida 17 mlrd 320 mln so‘mlik sigaretlar to‘xtatib qolindi

“Olot” chegara bojxona postida 17 mlrd 320 mln so‘mlik sigaretlar to‘xtatib qolindi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida tamaki mahsulotlarining noqonuniy tranzitiga chek qo‘yildi.

Gap shundaki, Birlashgan Arab Amirliklaridan Xitoyga qarab yo‘l olgan yuk avtotransport vositasiga hujjatlarga ishonilsa, sigaret ishlab chiqarishda foydalaniladigan salkam 18 tonna quritilgan tamaki xom ashyosi ortilgan bo‘lishi lozim edi. Ammo, “Olot” chegara bojxona postida o‘tkazilgan bojxona ko‘rigi davomida butunlay boshqacha manzara namoyon bo‘ldi.

Xolislar ishtirokida tirkama ochib ko‘rilganida, unga quritilgan tamaki xomashyosi emas, aksincha 866 ming quti tayyor sigaretlar yuklangani ma’lum bo‘ldi. Biron bir aksiz markalari bilan qadoqlanmagan mazkur tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 17 mlrd 320 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Bugungi kunda respublikamiz hududidan tranzit tarzida olib o‘tilayotgan tamaki mahsulotlarini ichki hududdda tushirib qoldirish holatlari tez-tez uchrab turibdi.

Shu boisdan 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzida olib o‘tilayotgan tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati, uni yetkazib berish shartnomasi (bitimi), tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yo‘li bilan tashilgan taqdirda, uni olib o‘tish jadvali taqdim etilishi belgilandi.

Shuningdek, yuk olib o‘tuvchi tegishli bojxona to‘lovlarini O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazadi. Bunda keyinchalik tovarlar respublikadan tashqariga olib chiqilganligi tasdiqlangandan so‘ng to‘langan summalar qaytariladi.

Tamaki tashuvchi transport vositalari faqat inspeksion ko‘rik majmualari bilan jihozlangan chegara bojxona postlari orqali o‘tkaziadi.

Eslatib o‘tamiz, respbulikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 299 ta kontrabanda va bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati salkam 40 mlrd so‘mlik 1 mln 870 ming qutiga yaqin tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasigan chek qo‘yilgan.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!