Ofatlar oqibatida yo‘qolgan hujjatni tiklashda to‘lov undirilmaydi

Ofatlar oqibatida yo‘qolgan hujjatni tiklashda to‘lov undirilmaydi

“Favqulodda vaziyatlardan jabr ko‘rgan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi (PQ–4871, 22.10.2020 y).

Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan O‘zbekiston va xorijiy davlatda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (ofatlar) yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan hujjatlarni tiklashda ular davlat boji va yig‘imlardan ozod qilinadi.

Ofatlar yuz berganligini tasdiqlash, zarurat bo‘lganda, hujjatni tiklash vakolati bo‘lgan davlat organining so‘roviga asosan:

O‘zbekiston hududida – Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan beriladigan ma’lumotnoma asosida;

Xorijiy davlatlar hududida – xorijiy davlat vakolatli idoralari tomonidan berilgan va legallashtirilgan yoki apostil qo‘yilgan yoxud xalqaro shartnomalarga muvofiq rasmiylashtirilgan ma’lumotnoma asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston hududida ofatlar yuz berganligi oqibatida hujjatlarni tiklaganlik uchun undirilmagan to‘lovlar, mazkur holatlar yuzasidan aybdor shaxslar (tashkilotlar) mavjud bo‘lsa, keyinchalik ulardan regress tartibida undiriladi.

Ofatlar yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz hujjatlar yo‘qotilsa yoki yaroqsiz holga kelsa, ularga nisbatan jazo choralari qo‘llanilmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!