Navoiyda mahalla raisi jurnalist qizga tahdid qilmagan, qizning otasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan

Navoiyda mahalla raisi jurnalist qizga tahdid qilmagan, qizning otasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan

“Maqolam uchun mahalla raisi tahdid qildi, dadamni do‘pposlashdi” sarlavhali xabari Karmana tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, Karmana tumani “Bog‘ishamol” mahallasi va homiylar tomonidan mazkur mahallada yashovchi S.Ilmurodovaga joriy yilning may-avgust oylarida oziq-ovqat mahsulotlari va moddiy yordam puli berilgan.

1999 yilda Nurota tumanida tug‘ilgan, “Jurnalistika” yo‘nalishi 2-bosqich talabasi M.Po‘latova qo‘shnisi S.Ilmurodovadan unga haqiqatdan ham oziq-ovqat mahsulotlari va moddiy yordam pullari berilgani, mahalla xodimlari tomonidan fotosuratga tushirilganligi haqida ma’lumot olgan va shu asosda 06.08.2020 yilda “Navoiy ziyosi” gazetasida “Efir uchun qilinayotgan ehsonlar” nomli maqolasi chop etilgan.

“Bog‘ishamol” m.f.y. raisi M.Pardayev, o‘rinbosari H.Abdualimov bilan talaba M.Po‘latova maqolada ko‘rsatgan holatlarga aniqlik kiritish uchun 03.09.2020 yilda S.Ilmurodovaning yashash xonadoniga borib, u bilan suhbatlashayotganida M.Po‘latova va otasi R.Pardayev hamda ushbu mahallada yashovchi fuqaro O.Mamatovalar ham suhbatga qo‘shilishgan.

Fuqaro S.Ilmurodova ko‘rsatilgan moddiy yordamlar uchun hech qanday e’tirozi yo‘qligini ma’lum qilgan. M.Pardayev talaba M.Po‘latovaga maqoladagi holatlarni to‘liq o‘rganmasdan chop etganligini, bunday holatlarga mahallada yashovchi boshqa xolis fuqarolar ishtirokida aniqlik kiritilishi lozimligini ma’lum qilgan. 

O‘rganish davomida tumanning mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, talaba M.Po‘latovaning gazetaga maqola chop etganligi uchun “Bog‘ishamol” m.f.y. raisi M.Pardayev unga bosim o‘tkazganligi holati o‘z tasdig‘ini topmagan.
 
Bundan tashqari, 04.09.2020 yilda M.Po‘latovaning otasi R.Pardayev va yon qo‘shnisi I.Yadgarov, uning o‘g‘li A.Yadgarovlar o‘rtasida maqola yuzasidan kelib chiqqan janjalda ular bir-birlarini urib tan jarohati yetkazgan. Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilgan. 

Natijada 07.09.2020 yilda I.Yadgarov va R.Pardayevlarga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 41, 52-moddalari, A.Yadgarovga MJtKning 52-moddasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqishlik uchun tuman ma’muriy sudiga yuborilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!