Nasroniy qiz biz musulmonlardan yordam so‘ramoqda? Nima maslahat beray?

Nasroniy qiz biz musulmonlardan yordam so‘ramoqda? Nima maslahat beray?

Savol

Assalomu alaykum, Ustoz!

Olib borayotgan faoliyatingizdan Alloh rozi bo‘lsin.

Men Xitoy davlatida o‘qiyman. Sizga bermoqchi bo‘lgan savolim balki sizning olib borayotgan faoliyatingizga bog‘liq emasdir. Ammo, bu savolga javobni ham diniy, ham dunyoviy ilmga ega, hayotiy tajribaga boy bo‘lgan siz kabi insondan so‘rashni maqsadga muvofiq deb topdim.

Xitoyda o‘zbekistonlik yurtdoshim hamda dindoshim (musulmon) bo‘lgan inson bilan tanishdim. Bildimki, u uchrashadigan qiz nasroniy diniga mansub, o‘zga yurtdan kelgan qiz ekan. Biroz vaqtdan so‘ng, birodarim uchrashib yuradigan nasroniy diniga mansub qiz bilan ham tanishdim. Ular 4 yilga yaqin vaqtdan buyon uchrashib yurar ekan, munosabatlari ham jiddiylashib ketibdi. Bu qiz men o‘qiydigan universitetda o‘qiydi. Yurtdoshim esa, keyingi oy o‘qishni bitirib O‘zbekistonga qaytadi, ammo qiz u boladan homilador ekan. O‘tgan yili ham shu holat bo‘lganida, yurtdoshim qizni majburlab abort qildirgan ekan. Natijada begunoh bola nobud bo‘lgan.

Hozir o‘sha qiz yurtdoshimdan qo‘rqib, yana homilador bo‘lganini unga aytmoqchi emas. Chunki u homilani dunyoga keltirmoqchi. U qiz mendan maslahat so‘radi. Shu maqsadda sizga xat yozishga jazm qildim. Nasroniy qiz mushkul ahvoldan chiqishda biz musulmonlardan yordam so‘ramoqda?

U qizga nima deb maslahat beray?


Javob

Ha, afsuslanarli vaziyat. Bunday noxush holatga diyonatning kamligi va shariat ahkomlarini bilmaslik sabab bo‘ladi.

Birodaringiz agar u qizni yaxshi bilsa, dini va iffatiga ishonsa nikohlab, oila qurishi eng yaxshi tanlov. Qiz buni unga taklif etsin. Siz ham birodaringizga tushuntiring.

Agar qizning dini va iffatiga ishonmasa, bolani oldirishni talab qilmasin. Chunki G‘omidiyya voqeasida ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bolani tug‘ib, o‘zini eplaydigan bo‘lguncha hadni kechiktirganlar. Islomda birovning gunohi birovga yuklanmaydi, ya’ni zinokorlarning qilmishida homila, ya’ni jonzotning aybi yo‘q. Ayniqsa bu nahiy to‘rt oydan oshgan homilalarga tegishli. Qolaversa homilani olib tashlash zinokorlik gunohiga targ‘ib va yordam bo‘lib qoladi.

O‘zi zino qilib yurgani uchun Allohga chin tavba qilsin.

Alloh yanada biluvchiroq.

Mubashshir AHMAD


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!