Namangan tumani hokimiga: “Prezident “Xalqni norizo qilib bo‘lsa ham bog‘cha qur” deyaptimi, hokim buva?”

Namangan tumani hokimiga: “Prezident “Xalqni norizo qilib bo‘lsa ham bog‘cha qur” deyaptimi, hokim buva?”

Namangan tumanida Tepaqiyot nomli bir qishloq bor. 6-7 ming aholilik bu qishloq, Namangan shahridan bir necha kilometr masofada joylashganiga qaramay, na ichimlik suvi bilan ta’minlangan, na gaz bilan. Lekin boriga shukr qilishni o‘rgangan mehnatkash, fidoyi xalqi bor. Qishloqda aholi juda zich joylashganidan to‘rtta odam yig‘ilib o‘tirsa, bo‘ladigan joyning o‘zi yo‘q hisob. Qishloqning yagona sayl va tadbirlar o‘tkazish joyi bor: Avliyo Buzrukxo‘ja mozori. U yerda qadimda yashab o‘tgan avliyo bir kishining qabri bor, atrofida 30-40 sotix maydonda katta daraxtlar bor. Bu yer qishloq aholisining yagona ma’rifiy-madaniy markazi, desak ham bo‘ladi. Dardi bor, muammosi bor insonlar kelib ehson o‘tkazishadi, barcha sayllar, Navro‘z bayramlari shu yerda nishonlanadi...
 
Ammo, qishloq xalqiga nima ahamiyatli, nima zarur, nima ma’naviy qadrga ega ekanini e’tiborga ham olmagan Namangan tuman hokimining shu yil fevral oyidagi qarori bilan bu mozor hududiga xususiy bolalar bog‘chasi qurishga ruxsat berilgan. O‘sha davrdan boshlab qishloq xalqining, MFYning shikoyat qilmagan idorasi qolmadi. Davlat idoralari eshigida sarg‘aydi qishloq oqsoqollari. Barcha shikoyatlar aylanib kelib yana tuman hokimligiga tushmoqda. Hokimlik qarorini esa bekor qilib bo‘lmayapti.
 
Qishloq fuqarolari, qurilish boshlanishiga yo‘l bermaslik uchun navbatma-navbat guruh bo‘lib ziyoratgohda navbatchilik o‘tkazishyapti. Hattoki, mahalla fuqarolar yig‘ini ham o‘sha yerga ko‘chib borgan.
 
Qishloq odami bir narsani tushunmayapti: 2017 yil yakunlanib, inson manfaatlari masalasi moziyga aylandimi? Nega minglab qishloq ahlining nuqtai nazari e’tiborga olinmayapti? Nega mavjud bo‘lgan bolalar bog‘chasidan atigi 200 metr nariga yana bir bog‘cha qurishga tuman hokimiyatidagilar bunchalik yopishib oldi? Xalq o‘rtasida haqli savol tug‘ilyapti: masala bog‘cha qurishmi yoki uning qurilishi uchun ajratib bo‘lingan imtiyozli kreditni o‘zlashtirish?
 
Bog‘cha qurmoqchi bo‘lgan tadbirkor ham shu qishloqdan. Avval IIB tizimida ishlab, keyin... Yo‘q, yaxshisi u haqida umuman gapirmaganim ma’qul. Qabrni oyoqosti qilmoqchi bo‘lgan odamni tanimaganingiz, bilmaganingiz ma’qul.
 
Namangan tumani hokimiga savollarimizni shu yerdan yo‘llashni ma’qul ko‘rdik. Boisi hokim butun boshli bir qishloq ahli bu mozorda barrikada qilib o‘tirganini xabar topgan bo‘lsa-da, (agar xabarsiz bo‘lsa, unda tumanida nima bo‘layotganini bilmagan bunday hokimga “tasanno”) kelib dardlaring nima deb so‘ramadi.
 
Hurmatli hokim buva! Prezident Shavkat Mirziyoyev “xalqni norizo qilib bo‘lsa ham bog‘cha qur” deyaptimi sizga? Xalqning dardida yashash degani, qishloq ahlining dardini tinglashmi yoki bitta tadbirkorga kredit ajratib berib, birovga keraksiz bog‘chani qishloqning muqaddas maskanida do‘ng‘aytirishmi? Nahotki, butun boshli qishloqning fikri sizning qaroringizni o‘zgartirmasa? O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik Kodeksining 10-moddasida Fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari yashash va faoliyat ko‘rsatish muhitining holati, taxmin qilinayotgan o‘zgarishlari, aholi punktlarining bosh rejalari, uy-joy-fuqarolik ob’ektlarining qurilishi, rekonstruksiyasi, hududlarning obodonlashtirilishi, muhandislik va transport kommunikasiyalarining o‘tkazilishi to‘g‘risida o‘z vaqtida va ishonchli, to‘liq axborot olish hamda shaharsozlik faoliyati haqidagi o‘zga axborotni olish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Shunga qaramay, qishloq ahlidan bexabar bu bog‘cha qurish to‘g‘risidagi qaroringizning izohi sizga qarorni tayyorlab bergan qo‘l ostingizdagilarning qonundan bexabarliklarimi yoki bu ishning tagida qandaydir sizga va bizga noma’lum moddiy manfaatlari borligimi? Qishloq hududida bog‘cha qurilishi uchun maqbul yeri bo‘lgan tadbirkorlar bor, ularga o‘tkazsa, bo‘lmaydimi kreditni? Mozor hududidan 200 metr narida mavjud bo‘lgan bolalar bog‘chasi binosiga hech kirganmisiz? Yetmish sotix bo‘sh joy yotibdi o‘sha yerda, birovlar bir qismiga o‘zi uchun dehqonchilik qilyapti, katta joylar keraksiz yotibdi, hovuz deb qurilgan qandaydir qarovsiz inshootning maydoni 5 sotixga boradi... Shu imkoniyatlarni ishga tushirsa bo‘lmaydimi, qishloq ahlining yagona qadriyatini yo‘q qilish nima uchun kerak bo‘lib qoldi?
 
Umid qilamizki, bu masala o‘zining to‘g‘ri yechimini topadi. Davlat siyosatida xalqning roziligi kun tartibining eng yuqorisidan o‘rin olgani hali bekor qilinmaganini hammamiz yodda tutishimiz kerak!

Manba: qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!