Masofaviy ta’limda tahsil olayotgan talabalarga ham o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi

Masofaviy ta’limda tahsil olayotgan talabalarga ham o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga  o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2020 yil 4 fevraldagi 12-son bayoni bilan qo‘shni davlatlar OTMlarida tahsil olayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga o‘qishini respublika OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirish imkoniyati berilgan edi.

Vazirlikning murojaatlar uchun ishga tushirilgan  @zamonaviytalim_bot manziliga eng ko‘p Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston  OTMlaridan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish bilan bog‘liq savollar kelib tushmoqda. Eng ko‘p berilayotgan savollarga navbatdagi javoblarni e’lon qilamiz.

Masofaviy ta’limdan o‘qishni ko‘chirish mumkinmi?

Davlat komissiyasi bayoni bilan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida mavjud bo‘lmagan ta’lim shakllarida o‘qiyotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini sirtqi va kechki ta’lim shakllariga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat berildi. Ya’ni, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston  OTMlarida masofaviy ta’limda tahsil oladigan talabalar ham o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirishlari mumkin.

Ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirdim, natijasi qachon e’lon qilinadi?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan respublika bo‘ylab tashkil etilgan Hududiy ishchi guruhlar tomonidan arizalar umumlashtirib boriladi. Murojaatlar soni ko‘pligini inobatga olgan holda, hujjat qabul qilish shu yilning 15 martiga qadar uzaytirildi.

Fuqarolar tomonidan 2020 yil 15 fevralgacha topshirilgan hujjatlar, 2020 yil 25 fevraliga qadar umumlashtirilib, tegishli qaror qabul qilish uchun Davlat komissiyasiga taqdim etiladi.

Joriy yil 15 martga qadar topshirilgan hujjatlar ham shu tartibda ko‘rib chiqiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining bayoni bilan oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilish uchun tavsiya qilinadi.

Natijalar bilan vazirlikning rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, qolaversa, Hududiy ishchi guruhlar orqali tanishish mumkin bo‘ladi.

Akademik qarzdor talabalarga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladimi?

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida Nizomga ko‘ra bu holatda talaba akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi, ya’ni o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi.

Talaba qaysi OTMga o‘qishini ko‘chirgan bo‘lsa, o‘sha OTMda joriy semestr davomida akademik qarzdorlikni bartaraf etishi mumkin.

Kunduzgi ta’limga o‘qishga ko‘chirish mumkinmi?

Mumkin. Bunda Hududiy ishchi guruh tomonidan talabgorning tahsil olayotgan ta’lim yo‘nalishidan kelib chiqqan holda, respublikadagi OTMlar quvvati ko‘rib chiqiladi. Agar xorijda talaba tahsil oladigan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mahalliy OTMda bo‘sh joy bo‘lmagan taqdirda, kechki va sirtqi ta’lim shakllari tavsiya qilinadi.

Eslatma: Qozog‘iston, Qirg‘iziston  va Tojikiston oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish ixtiyoriy bo‘lib, Hududiy ishchi guruhlar tomonidan respublika OTMlari quvvati va imkoniyatidan kelib chiqib ta’lim shakli va yo‘nalishi taklif qilinadi.

Yakuniy qarorni talaba va uning ota-onasi qabul qiladi. 

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!