“Makka ovozi” laqabli qori kimligini bilasizmi?

“Makka ovozi” laqabli qori kimligini bilasizmi?

Misr yurti o‘zining go‘zal ovozli, mohir qorilari bilan dunyoga mashhurdir. Masalan, Komil Bahtimiy, Mustafo Ismoil, Ruzayqiy, Muhammad Siddiq Minshaviy, Mahmud Siddiq Minshaviy, Mahmud Ali Banno, Muhammad Tabloviy, Rog‘ib Mustafo G‘alvash, Abdulbosit Abdussamad va boshqalarni keltirish mumkin.

Shayx Abdulbosit Abdussamad o‘zlarining go‘zal ovozlari, tajvidlari bilan ma’lum va mashhurdirlar. Ushbu qoridan bir necha farzandlar qolgan. Farzandlari otalari haqida ba’zi fikrlarni aytib o‘tishgan.

Yosir Abdussamadning aytishicha, otalari Shayx Abdulbosit Abdussamad rahimhulloh o‘g‘illaridan birortasini urmaganlar. Otalari ularga muloyimlik va muhabbat bilan muomala qilib, doim nasihat qilib turardilar.

Yosir Abdussamad otasi haqida yana shunday degan: “Otamdan o‘rgangan muhim narsalarimdan biri — rostgo‘ylikdir”.

Shayx Abdulbosit rahimahulloh barcha qorilar bilan yaxshi munosabatda bo‘lardilar. U kishi ko‘proq Shayx Mahmud Ali Banno, Shayx Ruzayqiy, Shayx Mustafo Ismoil bilan yaqin edilar.

Shayx Abdulbosit rahimahullohning laqablari ko‘p bo‘lib, shulardan biri “Sovtu Makka” (“Makka ovozi”) laqabi edi. Chunki Masjidul Haromda Qur’on tilovat qilishga ruxsat berilgan ilk misrlik qori Abdulbosit rahimahulloh bo‘lib, bu ruxsatni Saudiya Podshohligi berardi.

Shayx Abdulbosit rahimahulloh uchta prezident: Jamol Abdulnosir, Anvar Sadat, Muhammad Husniy Muborakni ko‘rganlar.

Shayx Abdulbosit rahimahullohning bir orzulari bor edi. Bu orzu Masjidul Aqsoda yana bir bor Qur’on tilovat qilish edi. Ammo vafotlariga qadar bu orzu amalga oshmadi.

Shayx Abdulbosit Abdussamad rahimahulloh “Kishi Qur’onni xolis Allohning roziligini, karamli yuzini istab, qalbidan tilovat qilsa, uni tinglayotganlar bu tilovatdan ta’sirlanadilar” deganlar.

1988 yil 30 noyabrda vafot etgan edilar. Bu yil vafotlariga 31 yil bo‘libdi.

Alloh taolo Shayx Abdulbosit Abdussamadni rahmatiga olsin! Zurriyodlarimizdan u kishiga o‘xshagan qorilarni ko‘plab chiqarsin!

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!