Jon Kennediga qilingan suiqasd videosi kimoshdi savdosiga qo‘yiladi

Jon Kennediga qilingan suiqasd videosi kimoshdi savdosiga qo‘yiladi

AQShning 35-prezidenti Jon Kennedining korteji suiqasddan so‘ng shifoxonaga ketayotgani aks etgan yangi videolavhalar Massachusets shtatining Boston shahridagi RR Auction kimoshdi savdosi uyida sotiladi. Bu haqda People nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, kimoshdi savdosi 28 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Videoda Parklend shifoxonasiga shoshilayotgan kortej tasvirlangan. Uning muallifi Texas shtatining Dallas shahrida yashovchi Deyl Karpenter bo‘lib, uning o‘limidan so‘ng videolavha nabirasi Jeyms Geytsga qolgan.

“Plyonka plastik sut qutisida saqlangan. U bir necha yil mening shkafimda turdi”, – deydi Geyts.

RR Auctions ijrochi vise-prezidenti Bobbi Livingstonga ko‘ra, ushbu lavha “Zapruder filmi”da qayd etilgan voqealardan keyingi lahzani aks ettiradi.

Ma’lumot uchun, Kennedi o‘ldirilishi aks etgan 26 soniyalik video Qo‘shma Shtatlarda “Zapruder filmi” nomi bilan tanilgan, chunki uni kinokamera bilan olomon orasida bo‘lgan Avraam Zapruder suratga olgan. 486 kadrdan iborat ushbu filmda sobiq prezident vafoti tasvirlangan.

AQShning 35-prezidenti Kennediga 1963 yil 22 noyabrda Texasga saylovoldi safari chog‘ida Dallasda suiqasd qilingan. Jinoyat ortidan tuzilgan rasmiy komissiya bu Li Xarvi Osvaldning ishi degan xulosaga kelgan. Komissiya xulosasiga ko‘ra, o‘q Dallasning markaziy maydonida joylashgan maktab darsliklari omborining oltinchi qavatidan otilgan. U yerdan teleskopik ko‘rinishga ega miltiq va ishlatilgan patronlar topilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!