“Hamdo‘stlik – 2020” o‘zbek-tojik o‘quv mashg‘uloti: Harbiylar samolyotdagi asirlarni ozod etishdi

“Hamdo‘stlik – 2020” o‘zbek-tojik o‘quv mashg‘uloti: Harbiylar samolyotdagi asirlarni ozod etishdi

O‘zbekiston va Tojikiston Respublikasi Mudofaa vazirliklari o‘rtasida o‘zbek-tojik hamkorligidagi antiterror maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti yuqori darajada o‘tkazilib, o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar bermoqda.

Unda O‘zbekiston Mudofaa vazirligining maxsus operasiya kuchlari vakillari va Tojikiston Mudofaa vazirligining turli bo‘linmalaridan iborat bir guruh harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

O‘quv mashg‘ulotining asosiy kuniga qadar har ikki davlat harbiylari kuniga ikki martadan tayyorgarlik mashqlarini o‘tkazishdi. Mashq mobaynida ikki tomon harbiy xizmatchilari o‘rtasida malaka almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, Tojikiston Respublikasi harbiy xizmatchilari tomonidan bizning bo‘linmalar va harbiy texnikalarning amaliy harakatlari yuqori baholandi.

Hamkorlikdagi o‘quv jarayonini O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov va Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri Sherali Mirzo hamda bir guruh harbiy xizmatchilar kuzatib bordi.

Xatlon viloyatida joylashgan “Faxrobod” dala o‘quv maydonida bo‘lib o‘tgan hamkorlikdagi antiterror o‘quv mashg‘uloti rejasiga ko‘ra, chegarani buzib o‘tgan noqonuniy qurollangan tuzilmalar hujumini qaytarish maqsadida avval vakillarimiz tomonidan havo razvedkasi o‘tkazildi, shundan so‘ng aniqlangan shartli dushmanning harakatlanayotgan nuqtasiga qarata aviasiya zarbalari berildi. Chegaraga uyushtirilgan mazkur hujumni qaytarishda Tojikiston Respublikasining Havo xujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari hamda Davlat milliy xavfsizlik komiteti Chegara qo‘shinlari ishtirok etdi.

Shartli dushman tomonidan egallab olingan binoni qurshab olish, chegarani buzib o‘tgan gazandalarni yakson etish va asirlarni qutqarish amaliyoti keyingi epizodlarda ko‘rib chiqildi.

O‘quv mashg‘uloti davomida shuningdek, shartli aeroportda noqonuniy qurollangan tuzilmani qurshab olish va yo‘q qilish, samolyotdagi asirlarni ozod etish vazifalari ham bajarildi.

O‘quv yakuni munosabati bilan saf tortgan ikki davlat harbiy xizmatchilari O‘zbekiston va Tojikiston Respublikasi mudofaa vazirlari tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Har ikki davlat mudofaa vazirlari mazkur o‘quv mashg‘ulotlari mamlakatlarimiz armiyalarining jangovar qudratini oshirishini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tashrif davomida dala o‘quv maydonida harbiy xizmatchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzo hamrohligida qadimiy adraslarimiz hamda hunarmand va kulollar tomonidan tayyorlangan ko‘za va laganlar, qo‘l mehnatida ishlangan turli ko‘rinishdagi sopol idishlar bilan milliy urf-odatlarimizga hamohang tarzda yaratilgan “o‘zbek milliy burchagi”ni ko‘zdan kechirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!