Gunohlaringiz kechirilishini xohlaysizmi?

Gunohlaringiz kechirilishini xohlaysizmi?

Alloh taolo taqvodor insonlar haqida shunday marhamat qiladi: “Ular farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-sadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar.” ( Oli Imron surasi 134-oyat). Ya’ni taqvodor insonlar – bular har qanday holatda ham to‘qlikda ham, tanglikda ham, qiyinchilikda ham, yengillikda ham, sog‘liklarida ham, kasal bo‘lganlarida ham o‘z mollaridan faqirlarga sadaqa va qarindoshlarga esa silai rahm qiladiganlardir. Ular  o‘zlari kuchli bo‘lsalar ham birovga ozor bermaslik uchun g‘azablarini yutadiganlardir. Abu Hurayra roziyallohu anhu dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Paxlavonlik tosh ko‘tarishda emas, balki kuchlilik insonning g‘azabi kelganida o‘zini tiya olishidadir”- dedilar”. (Imom Ahmad rivoyati)  Xorisa ibn Qudoma as-Sa’diy aytadi: “Ey, Allohning Rasuli! Menga bir ish qilishni maslahat bering!”- deb so‘radim. Shunda “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘azab qilma!”- dedilar. (Imom Ahmad rivoyati) 

G‘azabning davosi haqida Utya bin Sa’d as-Sa’diy roziyallohu anhudan quyidagi hadis rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, g‘azablanish shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgan. Olov suv bilan o‘chadi. Kimning g‘azabi kelsa, u tahorat olsin!”- dedilar”. (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati.) 

Taqvodor insonlar odamlarning xato va kamchiliklarini afv etadilar hamda ularga qilingan ozorlarini o‘zlariga qaytarishga imkonlari bo‘lsa ham, ularga iltifot qiladilar. Bu esa insondagi aql va fikrning mulohazakorligi, kuchli iroda va quvvatga egaligini namoyon qiladi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida Nido qiluvchi: “Insonlarning xato va kamchiliklarini afv etganlar qayerda? Robbingizning oldiga shoshilinglar, ajr (mukofot)laringizni olinglar. Har bir kechirimli oliyjanob musulmonning jannatga kirishi haqdir”-deb aytadi”- dedilar”.  (Tabaroniy va Hokim rivoyati.) 

 (Har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshash yomonlikdir. Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Alloh zimmasidadir”. ( Sho‘ro surasi 40-oyat). Adolat nuqtai nazaridan qaraganda, har qanday o‘lchovda o‘lchanmasin yomonlikning jazosi ana o‘shanday yomonlik, yaxshilikning mukofoti xuddi shunday yaxshilik bo‘ladi. Agar shunday qilinsa, uni hech kim malomat qilmaydi. Lekin agar kim yomonlik ila zulm qilgan kimsani afv etsa, oradagi ginalarni unutib, unga chiroyli muomala qilsa, uning mukofoti Allohning zimmasida bo‘lib, Alloh taolo unga ulug‘ ajr beradi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bandasiga uning afvi sababli unga izzat-ikromni ko‘paytiradi.”- dedilar.” (Imom Ahmad, Muslim va Termiziy rivoyati“Albatta, kimki (aziyatlarga) sabr qilsa va (Alloh uchun) kechirib yuborsa, albatta, bu puxta ishlardandir.” ( Sho‘ro surasi 43-oyat). 

 (Ey, Muhammad!) Iymon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari(qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (U sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!” ( Josiya surasi 14-oyat). Ya’ni ey Allohning nabiysi Alloh va uning rasulini tasdiqlaganlarga ayting: “Ular Allohning turli azoblari qoim bo‘ladigan kundan qo‘rqmaydigan mushriklarning aziyatlarini afv etsin, kechirsin va ularga sabr qilsinlar!” Shunda Alloh taolo u mo‘minlarni bu dunyoda aziyatlarga sabr qilib, g‘azablarini ichlariga yutib, yomonliklardan o‘zlarini saqlab va yaxshi amallar qilganliklari sababli mukofotlagay. Va albatta, “Kimki yaxshilik qilsa, bas, o‘zi uchundir. Kimki yomonlik qilsa, bas, o‘z zararigadir. So‘ngra Robbingiz huzuriga qaytarilursiz.” ( Josiya surasi 15-oyat). 

Demak, yuqoridagi oyat va hadislardan ma’lum bo‘ladiki, kechirimli bo‘lish, g‘azabi kelganda o‘zini tiya olish va boshqalarning aziyatlariga sabr qilish ulkan ajr-u savoblarga sabab bo‘ladi. Hayotimiz davomida boshqa insonlarga g‘azab qilmasdan, ularni kamchiliklarini kechirib, ular bilan ahil-inoq yashar ekanmiz ana o‘sha hadisda keltirilgandek haqiqiy “pahlavonlik” hisoblanadi. Insonlarga nisbatan kechirimli bo‘lsak, shoyad Alloh taolo bizning ham gunohlarimizni kechib yuborsa. Alloh taolo barchalarimizni hayotimiz davomida O‘zining dinida bardavom bo‘lishimizni nasib etsin! Omiyn! 

Jaloliddin Hamroqulov


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!