Gulistondagi koronavirus markazida yuz bergan portlashning taxminiy sababi ma’lum qilindi

Gulistondagi koronavirus markazida yuz bergan portlashning taxminiy sababi ma’lum qilindi

Guliston shahridagi «Alpomish» sport majmuasida tashkil etilgan koronavirusga gumon qilingan yoki kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, saralash va taqsimlash markazida yuz bergan portlash kislorod balloni ichidagi kislorodga moy qoldig‘ining aralashgani sababli yuz bergan bo‘lishi mumkin. Bu haqda «Daryo»ga Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mita tomonidan ma’lum qilinishicha, Guliston shahar Guliston ko‘chasida joylashgan «Alpomish» sport majmuasidagi 450 o‘rinli COVID-19 infeksiyasiga gumon qilingan va kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, saralash va taqsimlash markazi 2020 yil 26 avgust kuni tashkil etilgan. 2020 yil 7 oktyabr kuni ushbu markazda jami 403 nafar COVID-19 infeksiyasiga gumon qilingan va kasallangan bemorlar davolanayotgan edi.

Ta’kidlanishicha, 2020 yil 7 oktyabr kuni soat 08:13 da markazda bemorlarga tibbiy muolaja ko‘rsatish uchun asosiy stansiyasida 12 ta va zaxira stansiyasida 12 ta 400 litrli kislorod ballonlari o‘rnatilgan edi. Asosiy stansiyasida mavjud 12 kislorod ballondan 1 tasi portlagan, portlash oqibatida yong‘in kelib chiqmagan.

Qo‘mitaning xabar berishicha, portlash oqibatida bir kishi og‘ir tan jarohati olgan, majmuadagi qolgan kislorod ballonlari zararsizlantirilib, markazda davolanayotgan 403 nafar bemorlar Respublika shoshilinch tez yordam markazi Sirdaryo viloyati filiali, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga joylashtirilgan. Majmua va uning atrofida joylashgan binolarga moddiy zarar yetgan, moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Markazga o‘rnatilgan kislorod ballonlarini texnik holati bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi Lena-Lux xususiy korxonasining operatori,  Sirdaryo viloyati Shirin shahrida yashovchi O‘zbekiston fuqarosi Exvald Anatoliy Nikolayevich yuz bergan portlash oqibatida og‘ir tan jarohati olgan.

Ma’lum qilinishicha, hodisa sodir bo‘lgan joydan taxminan 700-800 metr uzoqlikdagi Guliston shahar 3-mavze hududida joylashgan 2, 4, 5-uylar oldida moy izlarining qoldiqlari mavjud holda kislorod ballonlarining qismlari topilgan. Hodisa joyida portlovchi modda izlari va portlash qurilmalarining qismlari aniqlanmagan.

«Mutaxassislarning dastlabki tekshiruv taxminlariga ko‘ra, portlashning kelib chiqishiga kislorod ballonlaridagi kislorodlarga moy qoldiqlarining aralashganligi sabab bo‘lgan», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, hodisa joyiga bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Abduhalim Xolmahmatov, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general mayor Aziz Ikromov, viloyat hokimi G‘ofur Mirzayev, viloyat prokurori, DXX boshlig‘i, IIB boshlig‘i, FVB boshlig‘i, SSB boshlig‘i yetib borgan.

Shuningdek, tegishli tashkilotlarning tezkor-qidiruv va qutqaruv kuchlari jalb qilinib, portlash oqibatlari bartaraf qilinmoqda.

Bundan tashqari, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlarining tergovchi va boshqa tezkor xodimlaridan iborat 2 ta tezkor tergov guruhi, tezkor ma’lumotlar va favqulodda holatlar bo‘yicha shtab, axborot-tahlil guruhi tuzilgan.

Hozirda mutaxassislar tomonidan portlash kelib chiqishning aniq sabablari o‘rganish uchun batafsil tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Qo‘mita tomonidan bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov tezkor guruhi tuzilgan.

Hozirgi vaqtda mazkur hodisa yuzasidan maxsus tekshirish o‘tkazish borasida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisining buyrug‘i chiqarilgan. Voqea sabablarini o‘rganish davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida 7 oktyabr kuni Bosh prokuratura tomonidan ma’lum qilingandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!