G‘iybatning ruxsat etilgan turlari (1-qism)

G‘iybatning ruxsat etilgan turlari (1-qism)

Birinchi bobda g‘iybatning ta’rifi bayon etilgan bo‘lsa, ikkinchi bobda g‘iybatni olti taqsimga bo‘lib, har bir taqsim ostida yana bir nechtadan qismlar borligi aytib o‘tildi. Bu bobda esa ta’rif va taqsimlari zikr etilgan ana shu g‘iybatning durust, ya’ni shariat olimlari joiz deb ruxsat bergan, hatto ba’zi o‘rinlarda savobli bo‘lgan turlari bayon qilinadi.

Imom Navaviy «Sahihi Muslim»ning sharhida, imom G‘azzoliy «Ihyou ulumid-din» va «Kimyoi saodat»da, Safuriy «Nuzhatul majolis»da, Badriddin Lohuriy «Matolibul mu’minin»da hamda imom Balxiy «Aynul ilm»da g‘iybatning olti turini joiz deganlar. Ibn Obidin «Ad-Durrul muxtor»ning sharhi «Raddul muhtor»da ularga yana to‘rt ko‘rinishni qo‘shib, sanoqni o‘ntaga yetkazganlar. Men unga yana uchta ko‘rinishni qo‘shimcha qilaman va har bir ko‘rinishning nima sababdan ruxsat berilganini ham aytib o‘taman.

1. Bosh hokimga zulmda qolganligidan shikoyat qilish. Qozi yoki muftiydan, devondagilar yoki amirdan zulm ko‘rgan kishi haqqini undirish uchun mazkur lavozimdagi kishilar ustidan yuqori hokimga shikoyat qilishi joizdir. Chunki bosh hokimga zolimning ustidan shikoyat va g‘iybat qilinmasa, mazlumning haqqi poymol bo‘ladi. Bundan tashqari, kichik hokimning zulmi yuqori hokimga aytilsa, u o‘sha zolimni mansabdan bo‘shatib, barchani uning zulmidan xalos qilishi mumkin. Mana shu foydalarga binoan g‘iybatning ushbu ko‘rinishi durustdir.

Tavsiya. Shu’ba rahimahulloh aytadilar: «Zolimning ustidan shikoyat qilish va odamlarni ogohlantirish g‘iybat bo‘lmaydi».[1]

Oyat. Olamlarning Robbi Alloh taolo marhamat qiladi: «Alloh (biror kishi haqida) yomon gapni oshkor qilishni yoqtirmaydi, biroq mazlumlar bundan mustasnodir»,[2] ya’ni mazlum o‘ziga yetgan zulmni oshkora aytishida biror zarar yo‘q. Imom Roziy «Tafsiri kabir»da mazkur oyatning Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan quyidagi ma’nosini keltiradi: «Alloh taolo duoibadni yoqtirmaydi, biroq mazlumning zolimga qilgan duoibadi bundan mustasno». «Tafsiri Jalolayn» muallifi: «Bu oyati karimada har ikki ma’no ham: birovning aybini oshkor qilish ham, duoibad qilish ham ko‘zda tutilgan bo‘lishi mumkin», deydilar. Shunda oyatning ma’nosi quyidagicha bo‘ladi: «Kimki biror kishining ayblarini oshkor qilsa yoki biror kishining haqqiga duoibad qilsa, Alloh taolo unga azob beradi, biroq mazlum kishi zolimni duoibad qilishi, uning ayblarini ochib, g‘iybat qilishi bundan mustasnodir, ya’ni bu ishi uchun Alloh taolo uni azoblamaydi». Demak, mazlum odam haqqini undirish uchun falonchi molimni o‘g‘irladi yoki zo‘ravonlik qilib molimni tortib oldi yoxud omonatimga xiyonat qildi deb, zolim ustidan yuqori hokimga shikoyat qilishi ham, zolimning haqqiga duoibad qilishi ham durust hisoblanar ekan.

Hikoya. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida bir kishi ba’zi odamlardan o‘zini ziyofat ila mehmon qilishlarini so‘radi. Ular uni mehmon qilmadilar. U odam ularning ustidan shikoyat qilib, ularning yomonliklarini oshkora bayon qildi. Sahobiylar undan xafa bo‘lib, qilgan shikoyatidan norozi bo‘ldilar. Shunda Alloh taolo yuqoridagi oyatni nozil qilib, mazlumning g‘iybat qilishiga ruxsat berdi.[3]

Hikoya. Kinda qabilasidan bir kishi hazra­mavtlik kishi bilan Yamandagi bir yer to‘g‘risida tortishib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelishdi. Hazramavtlik kishi (kindalikning otasi ustidan shikoyat qilib): «Ey Allohning Rasuli, buning otasi mening yerimni tortib olgan, hozir o‘sha yer buning qo‘lida (shuni menga qaytarib olib bering)», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Daliling (yoki ikki guvohing) bormi?» deb so‘radilar. U kishi: «Yo‘q. Lekin u mana shu yer meniki ekanini, otasi uni mendan tortib olganini bilmasligi haqida Alloh nomi ila qasam ichsin», dedi. Kindalik kishi qasam ichmoqchi bo‘lgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Kimki (yolg‘on) qasam bilan birovning molini o‘zlashtirib olsa, (qiyomat kuni) Alloh taologa ajzam (qo‘l-oyoqlari kesik yoki moxov) holida yo‘liqadi», dedilar. Shunda kindalik: «Er (haqiqatda ham) buniki», dedi, ya’ni haqiqatni e’tirof etib, yerni egasiga qaytarib berdi.[4]

«G‘iybat o‘zi nima?»

 Muhammad Abdulhay Lakhnaviy

Tarjimon: Yorqinjon Fozilov

---

[1] Suyutiy «Ad-Durrul mansur»da Bayhaqiydan naql qilgan.

[2] Niso surasi, 148-oyat.

[3] Qozi Sanoulloh, «Tafsiri Mazhariy».

[4] «Sunani Abu Dovud», 3244-hadis.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!