Ertaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi

Ertaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlari  bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga 2020/2021 o‘quv yili uchun qabul joriy yil 15 sentyabr kuni Toshkent shahri, Olmazor tumani, Keles yo‘li ko‘chasida joylashgan “G‘alaba” bog‘i hududidagi yopiq sahna maydonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan

Akademiya magistraturasida joriy o‘quv yilida tahsil olish uchun jami 300 dan ortiq nomzodlar (kvota-30 ta) hujjatlar topshirgan.

Kirish imtihonlari yozma imtihon va suhbatdan tashkil topadi. Yozma imtihon huquqiy mavzuda esse va chet tili bo‘yicha test savollaridan iborat.

Imtihonni o‘tkazishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida:

– chet tili bo‘yicha test savollari Davlat test markazi tomonidan tuzilib, markaz tomonidan imtihon o‘tkaziladi va javoblari baholanadi;

– imtihon jarayoni videokuzatuv ostida real vaqt rejimida translyasiya qilinadi;

– yozma imtihonga, imtihon javoblarini tekshirishga va suhbat bo‘yicha komissiya faoliyatiga boshqa idoralar vakillari kuzatuvchilar va mutaxassislar sifatida jalb qilinadi;

– imtihon biletlari avtomatik tarzda elektron generasiya qilinadi;

– har bir nomzodga identifikasion raqam beriladi va imtihon javoblari to‘liq shifrlanadi.

Imtihon o‘tkaziladigan joyga kirishdan oldin nomzodlarning tana harorati o‘lchanib, har bir nomzod alohida tibbiy qo‘lqop va niqob hamda suv bilan ta’minlanadi, ularga kerakli kanselyariya tovarlari beriladi.

Kirish imtihonlari o‘tkaziladigan kuni kunning birinchi yarmida dastlab chet tili bo‘yicha, keyin esa mutaxassislik fanlari bo‘yicha imtihon o‘tkaziladi.

Kirish imtihonlarini topshirish uchun nomzodlar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan belgilangan vaqt va joyga kelishlari lozim.

Nomzodlar kirish imtihonlari bilan bog‘liq barcha yangiliklar haqida Akademiyaning rasmiy veb-sayti (www.proacademy.uz) va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari (https://t.me/ProsecutorAcademy, www.facebook.com/ProsecutorAcademy, www.instagram.com/proacademyuz) orqali tanishib borishlari mumkin.

Kirish imtihonlariga oid qo‘shimcha ma’lumot olmoqchi bo‘lgan nomzodlar uchun har kuni onlayn konsultasiyalar o‘tkazilmoqda. Buning uchun ular 71-202-04-96 (ichki 1775; 1795) telefon raqamlariga murojaat qilishlari mumkin.

Bosh prokuratura Akademiyasining jamoasi nomzodlarga kirish imtihonlari davomida zarur sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan barcha choralarni ko‘radi va ularga omad tilab qoladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!