DXX qariyb 7,5 kg giyohvand moddani musodara qildi

DXX qariyb 7,5 kg giyohvand moddani musodara qildi

DXX Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Urganch tumani G‘aybu qishlog‘ida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi 1990 y.t. Yunusbek Olloberganov Afg‘onistondan keltirilgan 995 gr. «geroin» va  1 kg. 6 gr. «opiy» giyohvandlik vositalarini 140 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shuningdek, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1973 yil Urgut tumanida tug‘ilgan Abror Jabborov Samarqand tumani Yangiariq MFY hududida 451 gr. «opiy» giyohvandlik vositasini 11.250 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi. Aniqlanishicha, Jabborovga ushbu ajal og‘usini tojikistonlik Izzat ismli shaxs kontrabanda yo‘li bilan yetkazib bergan.

Bundan tashqari, DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Bekobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida 1980 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan Olim Qosimov Bekobod tumani hududida tojikistonlik sheriklari tomonidan yuborilgan 85 gr. «geroin» va 2 kg. 463 gr. «gashish» moddalarini olib ketayotgan vaqtida ushlandi.

Afsuski, muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan, lekin, 2019 yilning noyabr oyida jazodan shartli ravishda ozod etilgan Olim Qosimov qilgan xatosidan tegishli xulosa chiqarmagan.

DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa «Farg‘ona-Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘ida yashovchi, 1988 y.t. Murodjon Sotvoldiyev boshqaruvidagi «Spark» avtomashinasi Dang‘ara tumanining Chag‘ali qishlog‘i hududida to‘xtatildi. Avtomobil ko‘zdan kechirilganda, uning motor qismiga 1 kg. «gashish» giyohvandlik vositasi yashirib qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu og‘u Toshkent shahrida sotilishi kerak bo‘lgan.

Tergovoldi surishtiruv jarayonida Murodjon Sotvoldiyev qo‘shni Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan ushbu «gashish» moddasini Farg‘ona tumani Yuqori Vodil qishlog‘ida yashovchi 1982 y.t. Ortiqali Mallaboyev hamda muqaddam ikki marotaba sudlanib, hozirda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 1978 y.t. Ilmiddin Abdurahmonovlardan 10 ming AQSh dollariga sotib olganligi ma’lum bo‘ldi. O‘z navbatida mazkur shaxslar ham ushlandi.

DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirlar davomida 1981 yil Bekobod shahrida tug‘ilgan Abror Imomov tojikistonlik shaxslar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, ushbu davlatdan kontrabanda yo‘li orqali Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilgan 973 gr. «gashish» giyohvand moddasini Toshkent shahriga olib ketayotganda ushlandi.

Shuningdek, Bekobod tumanida yashovchi 1992 y.t. Jaxonshox Usmonov ham Tojikistondan keltirilgan 500 gr. «gashish» moddasini Bo‘ka tumanida yashovchi 1964 y.t., muqaddam sudlangan Pardaboy Aliyevga yetkazib bergan vaqtida qo‘lga olindi.

Jaxonshox Usmonov bunday qabih ishni muqaddam shu kabi jinoyat sodir etgani uchun hozirda jazo muddatini o‘tayotgan akasi, 1983 y.t. Xayrullo Usmonovning ko‘rsatmasiga asosan qilganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 1 kg. 80 gr. «geroin», 1 kg. 457 gr. «opiy» va 4 kg. 936 gr. «gashish» giyohvand moddalari musodara qilindi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishlarga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!