Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini tubdan oshirishga, sog‘liqni saqlash davlat tizimining kadrlar salohiyatini mustahkamlashga, tibbiyot muassasalarining resurslar salohiyatini yaxshilashga qaratilgan sog‘liqni saqlashni isloh qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sog‘liqni saqlashning milliy tizimini jadal rivojlantirish ishlarini tizimli va sifatli tashkil etish uchun umumiy amaliyot vrachlarining, patronaj tibbiyot hamshiralarining, qishloq vrachlik punktlari, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati xodimlarining lavozim maoshlari oshirildi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida mehnatni rag‘batlantirishning bozor usullari belgilandi.

Tibbiyot xodimlari mehnatini baholashning hamda ular oladigan ish haqi va mukofotning bajariladigan ishning murakkabligi va ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatiga aniq va bevosita bog‘liqligini ta’minlashning ilg‘or mexanizmlari joriy etildi.

Shu bilan birga, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarur bo‘lgan sharoitda tibbiyot sohasini boshqarishning innovasion modelini joriy etish, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni davom ettirish, ularning kasbiy darajasini oshirish uchun munosib shart-sharoitlar va rag‘batlantiruvchi omillar yaratish masalalari davlatning diqqat markazida turibdi.

Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish, samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, yuksak professional kadrlar salohiyatini shakllantirish maqsadida:

1. Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdorlari 2018 yil 1 dekabrdan 1,2 baravar va 2019 yil 1 apreldan 1,15 baravar bosqichma-bosqich oshirilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Innovasion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda xalqaro tajribani o‘rganish asosida 2019 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda tibbiyot va farmasevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha quyidagilarga yo‘naltirilgan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlarining lavozimiga va malakasiga, ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning murakkablik va javobgarlik darajasi, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalari ixtisosligiga qarab bazaviy lavozim maoshlarini joriy etish;

tibbiyot xodimlari faoliyatini va mehnati unumdorligini baholashning zamonaviy usullarini, shu jumladan, davolangan bemorlar elektron statistikasini bosqichma-bosqich tatbiq etish va bemorlar o‘rtasida onlayn so‘rovlar o‘tkazish orqali joriy etish;

tibbiyot va farmasevtika xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ular bajaradigan ishlar sifati, erishiladigan natijalar va ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarga jamoatchilik tomonidan berilgan baholarga qarab ularga haq to‘lanishini ta’minlash;

tibbiyot muassasalari rahbarlariga alohida o‘rnak ko‘rsatgan vrachlarga Tibbiyot tashkilotlarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash huquqini berish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatiga to‘lanadigan haq miqdori oshirilishi munosabati bilan davlat tibbiyot muassasalarining qo‘shimcha xarajatlari moliyalashtirilishini, 2019 yilda va keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda byudjetdan ajratiladigan zarur mablag‘lar nazarda tutilishini;

2020 yildan boshlab Tibbiyot tashkilotlarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirish uchun ajratiladigan mablag‘lar hajmlari bosqichma-bosqich oshirilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Rivojlantirish va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

5. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

a) quyidagi miqdorlarda ajratiladigan ajratmalar:

davlat tibbiyot muassasalari tomonidan pullik asosda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar, shu jumladan, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari xizmatlari uchun tushumlar miqdorining 2 foizi;

oliy tibbiyot ta’lim muassasalari hisobvaraqlarida jamlanadigan pullik o‘qish kontraktlari bo‘yicha tushumlar miqdorining 5 foizi;

oliy tibbiyot ta’lim muassasalari hisobvaraqlarida jamlanadigan o‘qish kontraktlarining oshirilgan stavkasi bo‘yicha tushumlar miqdorining 10 foizi;

farmasevtika va tibbiyot faoliyati bilan shug‘ullanish, shu jumladan, dori-darmonlar va tibbiyot buyumlarini chakana realizasiya qilish huquqiga lisenziyalar olish uchun talabgorlar tomonidan to‘lanadigan davlat bojlari tizimidagi tushumlar miqdorining 20 foizi;

b) Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

v) jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari;

g) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

6. Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘laridan:

sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini mukofotlar, moddiy yordam, qo‘shimcha haqlar, ustamalar va rag‘batlantiruvchi to‘lovlarning boshqa turlari ko‘rinishida moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini moliyalashtirish, shuningdek, ularga sanatoriya-kurort va tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga haq to‘lash;

uy-joy bilan ta’minlashni yaxshilashga sarflanadigan xarajatlarni, shu jumladan, sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlari va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tashkilotlarning tibbiyot xodimlari uchun uy-joylar qurishni tashkil etish orqali moliyalashtirish;

sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini o‘qitish, ularning malakasini oshirish va amaliyot o‘tkazishini, shu jumladan, ularning xorijiy mamlakatlarga tashriflari, O‘zbekiston hududidan tashqarida o‘tkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishi, xizmat safariga yuborilishini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;

sog‘liqni saqlashni boshqarish organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, dasturiy mahsulotlar xarid qilish va axborot-kommunikasiya tarmoqlarini ta’minlab turish;

xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish;

oliy tibbiyot ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalariga maxsus stipendiyalar to‘lashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish;

sog‘liqni saqlashni boshqarish organlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan boshqa tadbirlar uchun foydalaniladi.

7. Jamg‘armaning daromadlari, shu jumladan, vaqtincha bo‘sh mablag‘larni tijorat banklariga joylashtirishdan foizlar tarzida olingan daromadlar soliqlarning barcha turlaridan hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga boshqa majburiy to‘lovlardan 2021 yil 1 noyabrgacha ozod qilinsin.

8. Quyidagilarning:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimovning – tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimining tubdan qayta ko‘rib chiqilishi bo‘yicha takliflarni tayyorlashda mas’ul vazirliklar va idoralar ishining amalda muvofiqlashtirilishi uchun;

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K.Shodmonovning – Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi, shuningdek, ushbu qarorga muvofiq sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarining ijtimoiy himoyalanganligini kuchaytirish va ularni moddiy rag‘batlantirish shartlarini takomillashtirish uchun shaxsan mas’ul ekanligi ko‘rsatib o‘tilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

Rivojlantirish va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilangan tartibda tasdiqlasin, shu jumladan, Jamg‘arma mablag‘larini sarflashning aniq va shaffof tartibini, uning daromadlari va xarajatlari bo‘yicha hisobot berish masalalarini nazarda tutsin;

tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan tibbiyot muassasalarida vrachlikdan boshqa faoliyatni bajarayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar lavozimlari nomenklaturasini qayta ko‘rib chiqsin;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Z.SH.Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.A.Abduhakimov va J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                            SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 7 noyabr


Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!