«Davlat dindagi har bir talabni ham tan olmaydi» – Adliya vaziri

«Davlat dindagi har bir talabni ham tan olmaydi» – Adliya vaziri

Kecha AOKAda yangi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Azon.TV muxbiri Nurbek G‘ofurov shunday savol bilan murojaat qildi:
– Yangi tahrirdagi qonundan “ibodat libosi” tushunchasi olib tashlandi. Biroq tashkilotlar o‘z ichki nizomidan kelib chiqqan holda liboslar belgilashi mumkinligi aytilgan. Bunda tashkilotning ichki nizomi qonundan ustun bo‘lib qolmayaptimi?
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov:

– “Ibodat libosi” degan tushuncha qonundan olib tashlanganini aytdik. Mana, jamoat joylarida o‘zlarining diniy rusumlariga mos ravishda kiyimlarni kiyib yurishibdi, ayollar hijoblarni o‘rab yurishibdi. Shu bilan birga, bilasizlar, kecha Xalq ta’limi vazirligi ham o‘z bayonotini berdi, (bu narsaning) davlat ta’lim muassasalarida belgilangan kiyinish talablariga aloqasi yo‘q deyildi. Chunki ta’lim to‘g‘risidagi qonunga ham qaraydigan bo‘lsangiz, 49-moddasida ta’lim muassasalarida kiyimlarga bo‘lgan talablarni Vazirlar Mahkamasi belgilaydi deyilgan. Qonuniy asos bor. Shundan kelib chiqib, ta’limning dunyoviyligi, bu ta’lim haqidagi qonunda yozilgan, dinning ta’limdan ajratilganligi ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonunda yozilgan, shuning uchun ta’limda shunday cheklovlar belgilangan. Bu cheklovlar qonuniymi degan ko‘p savollar bo‘ladi. Kimdir aytadi, 31-modda Konstitusiyaga zid, ichki qoida Konstitusiyaga zid bo‘lishi mumkin emas deb.

Men huquqshunos sifatida fikrimni aytaman. 31-moddada nima deyilgan? Vijdon erkinligi kafolatlanadi deyilgan. Endi savol bering: nima degani vijdon erkinligi? Vijdon erkinligi – sizning fuqaro sifatida biror dinga e’tiqod qilish yoki hech bir dinga e’tiqod qilmaslik huquqingiz. Asosiy mazmun-mohiyat mana shundan iborat. U yerda davlat aytmayapti, (fuqarolar tomonidan) o‘sha e’tiqod qilinadigan dindagi har bir talabni tan olib, ertaga amaliy ro‘yobga chiqarishga kafolat beramiz, degan narsa yo‘q u yerda. E’tiqod huquqini qilib beryapti. Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro paktda ham diniy huquqlar cheklanishi mumkin deyilgan. Asoslari keltirilgan. Asoslarini ham aytib beraman, qaysi holatlarda diniy huquqlar cheklanishi mumkinligi. Mana, 18-moddasida belgilangan: jamoat xavfsizligini ta’minlash, tartibni, sog‘liq va axloqni, xuddi shuningdek, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan cheklovlar qo‘yilishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!