Davlat byudjetini qabul qilishning huquqiy asoslari yanada takomillashtiriladi(mi?)

Davlat byudjetini qabul qilishning huquqiy asoslari yanada takomillashtiriladi(mi?)

2024 yil 17 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi hamda Davlat byudjeti boshqarmasi tomonidan “Davlat byudjetini qabul qilish hamda uning ijrosini ko‘rib chiqishda deputatlarning huquq va vakolatlarini kengaytirishga doir amaldagi qonunchilikni takomillashtirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari va Devon xodimlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti qonun shaklida qabul qilinmoqda. Bu o‘z navbatida, byudjet ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini manzilli olib borish, byudjet ma’lumotlarining ochiqligini, shaffofligini ta’minlash, byudjet mablag‘larining shakllanishi, sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitusiya bilan Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish kabi vakolatlar Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazilishi ham quyi palataning ta’sirchan parlament nazoratini yanada kuchaytirgan tarzda tashkil etish imkonini beryapti.

Xususan, joriy yilning Davlat byudjeti loyihasini quyi palata deputatlari yangicha yondashuvlar asosida ko‘rib chiqdilar. Avvallari xalq vakillari ko‘proq byudjet xarajatlariga e’tibor qaratgan bo‘lsa, bu galgi muhokamalarda davlat byudjeti daromadlarining shakllanishi va ularni ko‘paytirish masalalariga ham ustuvor ahamiyat qaratishdi.

Davra suhbatida deputatlar ta’kidlaganlaridek, Davlat byudjetini qabul qilish, uning ijrosini ko‘rib chiqishda byudjet daromadlarini ko‘paytirish, xarajatlarini maqbullashtirish, mavjud zaxira va imkoniyatlardan samarali foydalanish, byudjet intizomini kuchaytirish hamda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish masalalari bosh mezon bo‘lishi zarur.

Muhokamalar davomida aholining farovonligini ta’minlashga qaratilgan “Tashabbusli byudjet” loyihalari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilib, ularga mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholining dolzarb muammolarini hal etish bilan bog‘liq tadbirlarga yo‘naltirilgan byudjet mablag‘larining maqsadliligi va asoslantirilganligini muntazam saylov okruglarda o‘rganilishi lozimligi alohida qayd etildi.

Bu borada Qonunchilik palatasining 2024 yildagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarida Davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida quyi palata qo‘mitalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining bajarilish holati yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini har chorakda eshitib borishlari belgilab olingan.

Bundan tashqari, Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasida Soliq, Bojxona qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotini har chorakda eshitib borilishi ta’kidlab o‘tildi.

Davra suhbatida Qonunchilik palatasi tomonidan Davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat qilish faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, davlat byudjeti loyihasini muhokamadan o‘tkazish va bu borada parlament nazoratini amalga oshirishda deputatlar va Davlat byudjeti boshqarmasining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda ta’sirchan parlament nazoratini olib borishlariga kelishib olindi.

Tadbirda bildirilgan fikr-mulohazalar asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!