DAVLAT BAYROG‘I – FAXRIM VA G‘URURIM!

DAVLAT BAYROG‘I – FAXRIM VA G‘URURIM!

Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, davlat ramzlari Vatan timsollari sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalgan. Hamma zamonda ham bular shunchaki davlat siyosatini amalga oshirish vositasigina emas, balki juda katta ijtimoiy-ma’naviy ahamiyat kasb etgan.

Vatanimiz mustaqillikka erishganidan ko‘p o‘tmay, 1991 yilning 18 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashkari o‘tkazilgan VII sessiyasida mamlakat suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan. Bugun bayrog‘imiz xalqimizning iftixor timsoliga aylanganiga 28 yil to‘ldi.

Ana shunday tarixiy sana munosabati bilan respublikamiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining hududiy boshqarmalari, harbiy qism va muassasalari tomonidan bir qator tashkilotlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda turli ko‘rinishdagi tadbirlar tashkil etilmoqda.

17-18 noyabr kunlari Toshkent shahri va yurtimizning har bir hududida Milliy gvardiya harbiy otliq otryadlarining “O‘zbekiston Davlat bayrog‘i marshi” bo‘lib o‘tdi. Marshlar davomida otliqlar otryadi bilan bir qatorda avto va moto bo‘linmalar hamda velosportchilar ishtirokida bayrog‘imiz baland ko‘tarilgan saf yurishlari o‘tkazildi.

Shuningdek, Jizzax davlat pedogogika instituti akademik liseyi binosida “Bayroqqa sadoqat – Vatanga sadoqat” shiori ostida lisey o‘qituvchilari hamda Jizzax viloyati bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi harbiy xizmatchi va hodimlaridan tashkil topgan jamoalar o‘rtasida maxsus viktorina o‘tkazildi. Jizzax viloyatining kirib kelish darvozasida esa harbiy xizmatchilar yordamida uzunligi 90 metr, eni 60 metr bo‘lgan bayrog‘imiz namoyishi tashkil etildi.

Navoiy viloyatida Milliy gvardiya boshqarmasi hamda bo‘linmalari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i – faxrim va g‘ururim” shiori ostida yoshlar ishtirokidagi she’rxonlik kechasi va badiiy dasturlarni o‘z ichiga olgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Toshkent viloyatida joylashgan Milliy gvardiya bo‘linmasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Qibray tumani Kengashi bilan hamkorlikda “Xalq va armiya yakdil” shiori ostida shu tumanda joylashgan 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Yosh gvardiyachi” sport musobaqasini tashkil etdi.

Termiz shahrida esa “Bayrog‘imiz – faxrimiz, g‘ururimiz” mavzusida yoshlar o‘rtasida yugurish bo‘yicha marafon bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga Milliy gvardiyaning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Qiziriq tumani hokimligi hamkorligida “Davlat bayrog‘i – mening iftixorim!” shiori ostida tumandagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari va mahallalardagi vaqtincha ishsiz yoshlar ishtirokida sportning bir qator turlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti tomonidan ham bayram munosabati bilan bir qator tadbirlar, xususan harbiy xizmatchilarning farzandlari o‘rtasida “Vatanimning qadrli timsoli” shiori ostida rasm chizish bellashuvi hamda Olmazor tuman hokimligi bilan xamkorlikda “O‘tmishi buyukdir, ertasi porloq – ulug‘ yurt ko‘shkida hilpirar bayroq” shiori ostida musiqiy-madaniy tadbir tashkil etildi.

Bo‘lib o‘tgan bellashuvlardagi barcha g‘oliblar va tadbirlarning faol ishtirokchilari Milliy gvardiya boshqarmalari tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Shuningdek, tadbirlar doirasida Milliy gvardiya bo‘linmalari tomonidan kitob yarmarkalari. ko‘rgazmali chiqishlar, qurol-aslaha va harbiy tehnikalar namoyishlari o‘tkazildi.

Davlat bayrog‘iga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!