Changi chiqqan ko‘chalarda qolayotgan dong‘i chiqqan matematik chempion

Changi chiqqan ko‘chalarda qolayotgan dong‘i chiqqan matematik chempion

Buxoro viloyati qishloqlarining birida yozda chang-to‘zon, qishda loy kechib, katta bo‘lgan Ruslan Sharipov bugun dunyo yetakchi olimlari bilan hamkorlikda fizika-matematika sohasida kashfiyotlar qilmoqda. 

Bir necha yillar avval u birdaniga Moskva davlat universitetining 3-bosqichiga qabul qilingan va keyinchalik tadqiqotlarini shu davlatda olib borgan. U bugungi ixtirolarini O‘zbekiston uchun yaratishi ham mumkin edi. Lekin...

Afsus og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan yigitni yuqoridagilar payqab, uni qo‘llagunlaricha xorijliklar bu noyob iste’dod egasini “ilib” ketishdi.

Bugun O‘zbekistonning yana bir matematika bo‘yicha chempion yigiti Doniyor Ismoilovga xorijlik mutaxassislar qiziqishmoqda, deb yozmoqda O‘zA. Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanining Qoraun qishlog‘ida yashab kelayotgan matematika bo‘yicha Respublika va xalqaro chempionatlarida g‘olib bo‘lgan Doniyor Ismoilovning oilasi ancha vaqtdan buyon ijtimoiy himoyaga muhtoj. Oddiygina turmush sharoitlari bo‘lmagan uyda ulg‘ayayotgan Doniyor matematika, fizika fanlari bo‘yicha bugun ko‘pgina tengdoshlarini ortda qoldirmoqda. Biz bu haqda avval maqola e’lon qilgan edik. Muxbirimiz Doniyorning uyida bo‘lib, sharoitlari bilan tanishdi, chempionning onasi bilan suhbatda bo‘ldi.

 

CHEMPIONNING UYI

 

fc61df95-1415-4712-b919-a9bd54c645f8.jpg

 

Qurtlagan tom, ag‘anayotgan uy, cho‘l o‘rtasidagi faqirona hayot tuman hokimliklariga normal sharoit bo‘lib ko‘ringanga o‘xshaydi. Doniyorning uyi Qoraun qishlog‘ining eng chekkasida joylashgan. Ag‘anay deb turgan ikki xonali uy tomlari yog‘och va qamishlardan iborat bo‘lib, u yog‘ingarchiliklarga yaroqsiz holatga kelib ulgurgan. Xonadon egasi shiftni qurtlab ketganini aytadi. Ikki xonali uyda bir ikki buyum va sandiq to‘la kitoblardan bo‘lak tayinli bir jihozning o‘zi yo‘q. 

 

Uy shifti burchagidagi o‘pirilgan joy mato bilan berkitilgan. Unniqqan sholchalar, ko‘rpachalar, qiyshayib ketgan romli derazalar... Endi bu uyda qishlashni tasavvur qilavering. Uy to‘rida turgan yangicha televizor tuman hokimligining sovg‘asi. O‘tgan yili tuman hokimligi sovg‘a qilgan televizorni Doniyorning onasi 750 ming so‘mga – o‘g‘lining chempionatga qatnashishi uchun sotib yuborgan. Uy egalari 15 sotix yerga ega. Lekin, bu yerdan rasmana foyda olish uchun avval unga pul sarflash lozim. Xonadon egasining esa bunga imkoniyati yo‘q. Bundan tashqari, Qoraun qishlog‘ining aksariyat yerlari o‘ta sho‘rlangan bo‘lib, dehqonchilik uchun yaroqsiz. Suv ham muammo, ammo hokimiyat xonadon egalari 15 sotix yerga egaligini shama qilmoqda. Go‘yoki ular tayyor yerdan foydalanib, daromad olmayotgandek. 

 

MAQOLADAN SO‘NG

 

Saytimizda bu haqida maqola e’lon qilingach, uyni tuman hokimligi borib o‘rgangan. Hokimlik vakillarini “haqiqatan bu oila yordamga muhtojmi?”, degan savol qiynagan. 

 

IMG_3353.JPG

 

Chempion bolaning onasi Lobar Rahimova tuman hokimligi uylarini ta’mirlab, tomini shifer bilan yopishga va’da berganini aytadi. Ammo Lobar ayaning aytishicha, “bu uy tomidagi yog‘ochlar chirigani bois shiferni ham ko‘tara olmaydi. Agar shifer qilinsa uy ag‘anab ketishi aniq”. Endi o‘zingiz bir tasavvur qiling, biz yuqorida tasvirlagan uyni ta’mirlash kerakmi yoki tamomila buzib boshqa qurgan afzalmi?

 

IMG_3354.JPG

 

Yana bir savol qiynaydi, chempion bola haqida maqola e’lon qilinmaguncha nega tuman hokimligi bu oilaga befarq bo‘lib kelgan. Ular ko‘rsatgan yordam, ikki dona televizordan iborat, xolos. Hokimiyatning bu kichik yordami bilan oilani og‘ir ahvoldan qutqarib bo‘lmaydi. Yurtimiz kelajagi uchun naqadar zarur bo‘lgan iqtidorli bolalarga munosabat shumi? Doniyor Ismoilovning maktabga qatnashga ham imkoni yo‘q. Qoraun qishlog‘idan tuman markaziga borish uchun transportning o‘zi yo‘q, yaqin orada bo‘lishiga ham ishonish qiyin. Doniyorni-ku, maxsus maktab internatga kam ta’minlangan oila farzandi sifatida to‘lovsiz o‘qishga olishgan, lekin boshqa bolalar-chi? Doniyor bu qishloqning yagona maktab o‘quvchisi emasku?! Qishloqqa kirib borgunimizcha, boshimizgacha changga botdik, qiziq yog‘ingarchilik damlarda qishloq aholisi bu ko‘chalarda qanday harakatlanar ekan?

 

IMG_3348.JPG

 

Maqola e’lon qilingach, “Adolat” partiyasi vakillari ham chempionning uyiga tashrif buyurishgan. Sharoitini o‘nglashga yordam berishni va’da qilishgan. Mutasaddilarimizning eng qoyillatgan ishlari, bu – va’da berish, shunday emasmi?..

 

Shuningdek, Lobar Rahimova tuman markazidan uy-joyga ega bo‘lish uchun ro‘yxatga kiritilgan. Ro‘yxatga ko‘ra, Doniyorning oilasi uylik bo‘lguncha u yana qancha qishlarni shu qurtlagan tom ostida o‘tkazarkan?

 

CHEMPION DARS QILISh O‘RNIGA ISHLAMOQDA

 

Ba’zi bir internet saytlarida Doniyorning non sexida ishlab yurgani yolg‘onligi aytilgan. Biroq, Doniyorning onasi o‘g‘lining tengdoshlari matematika bo‘yicha chempionatlarga qatnashish uchun tayyorgarlik ko‘rganda, uning o‘g‘li bir-ikki so‘m topish uchun sexda ishlaganini aytadi. U non sexida ishlaganmi yoki daftarmi buning bizga ahamiyati yo‘q. Muhimi, iqtidor egasi bo‘lgan yosh o‘spirin ilm olishi lozim bo‘lgan davrida o‘qish-o‘rganishga vaqt ajratolmay, o‘ziga o‘quv-qurollari olish uchun sexda ishlab kelgan. Bizning-cha, Doniyor kabi qobiliyatli bolalarga alohida sharoit yaratish kerak. Balki u kelajakda O‘zbekiston va butun dunyoda ahamiyatli bo‘lgan kashfiyotlar qilsa, ajab emas.

 

02ae253c-bb09-45a8-bd70-a73087d76b58.jpg

 

AQShda foydasiz bo‘lgan ixtirolar uchun ham mablag‘ sarflanaveradi, chunki ulardan biron naf bo‘lishi ehtimoli bor. Biz esa kelajakda meva berishi aniq bo‘lgan iqtidorli yoshlari, zamonamizning Al-Xorazmiylari uchun pulni qizg‘anamizmi? 

 

YOSHLAR ITTIFOQI VAKILLARI HAM KELIB KETDI...

 

O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining Buxoro viloyati Qorako‘l tumani vakili bu uyga tashrif buyurgan va ularning muammolari bilan qiziqqan. U viloyatdan hokimlik vakillari kelishini, ular Doniyor bilan uchrashish istagida ekanligini bildirgan. Doniyorning onasi o‘g‘lini ushbu uchrashuvga jo‘natishga ham pul topa olmaganini aytadi.

 

“Qishlog‘imizdan tuman markazigacha 10 ming so‘m taksi puli qilishga mablag‘im yo‘q. Ammo ularga shunday deyishga or qildim. Nima qilay, bor bo‘lsa, o‘z farzandimdan qizg‘anmayman-ku”, deydi ona.

 

d1267d45-62a1-44e5-8c8b-e25d2e5b2601.jpg

 

Biz Respublika Yoshlar Ittifoqining matbuot xizmati bilan bog‘landik. Ular Qorako‘l tumaniga “taqdimnoma” jo‘natganlarini va ayni damda u yerdagi vaziyat o‘rganilayotganini aytishdi. 

 

Shu bilan birga, Yoshlar ittifoqi vakili bizga shunday iddao qildi: “har qanday qiyinchilikda qolgan iqtidorli bolani ommaga olib chiqib, bunda bizni befarqlikda ayblashingiz noo‘rin. Biz shaxsan Prezidentning tashabbusi va farmoni bilan ochilgan tashkilotmiz. Bizni tashkilotni omma oldida bunday obro‘sizlantirishingiz noto‘g‘ri”. 

 

Yoshlar ittifoqi vakilining gaplariga nisbatan munosabatimiz shunday. Avvalambor, tashkilotlar obro‘ uchun emas, natija uchun kurashishi kerak.

 

966279e7-f998-4198-a380-5d84a3be5e17.jpg

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonida Yoshlar ittifoqning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan shunday band bor.

 

“Yosh oilalar, xususan, imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratishga qaratilgan maqsadli ishlarni tashkil etish”.

 

Ushbu ustuvor yo‘nalishni unutgan ittifoq vakillariga tadbirbozlikdan chekinib, Qoraun qishlog‘idagi matematika bo‘yicha xalqaro chempionatlar g‘olibi bo‘lgan Doniyor Ismoilovning bir kulbada yashayotganidan tezroq xabar olishni tavsiya etamiz. Sizdan avval xorijliklar Ulug‘beku, Al-Xorazmiylarimizni olib ketib qolishmasin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!