Bunisiga nima deysiz? Denovda kelin qaynonasini do‘pposladi

Bunisiga nima deysiz? Denovda kelin qaynonasini do‘pposladi

Qaynonaning xizmatini qilib, duosini olish o‘rniga uni urib, ko‘nglini ranjitgan kelinning ota-onasi, farzandlari endi mahallada qanday bosh ko‘tarib yuradi?

Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar ayrim hududlarda yuz berishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olib, sodir etilgan jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlashga xizmat qilayotir. Ko‘plab huquqbuzarlarni sog‘lom hayotga qaytarmoqda. 

Biroq ayrimlarning arzimas bahona sabab, yoki ichkilik oqibatida janjal chiqarib, qo‘ni-qo‘shnisi, yaqinlari, tanish-bilishlariga qasddan shikast yetkazayotgani, mahalla-kuyda jinoyatchi, degan nom orttirayotgani ayanchlidir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Surxondaryo viloyatida umumiy jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan. Jinoyat sodir etilmayotgan mahallalar soni ham kengaymoqda. 

Lekin badanga qasddan og‘ir, o‘rtacha darajada shikast yetkazish jinoyati ko‘paygani qayd etildi. Masalan, Sherobod tumanining “Mehnatobod” mahallasida yashovchi ishsiz o‘ttiz yoshdagi A.Yomg‘irov (ism-shariflar o‘zgartirildi) 42 yoshdagi mahalladoshi F.Noliyevni “tomorqamdagi bedani o‘rib, payhon qilyapsan” deb, qo‘lidagi o‘roq bilan duch kelgan joyiga urib, uning hayoti uchun xavfli tan jarohatini yetkazadi. Axir, qachondan buyon tomorqadagi beda inson hayotidan, ajdodlarimiz ulug‘lab kelgan mehr-oqibat, murosa kabi xislatlardan aziz bo‘lib qoldi? Yoki A.Yomg‘irovning bu xatti-harakati dunyo ahli havas qiladigan milliy qadriyat va urf-odatlarimizga yarashadimi?

Angor tumanidagi “Zartepa” mahallasida sodir bo‘lgan mana bu hodisa ham odamni chuqur mushohada yuritishga, spirtli ichimliklarning salbiy oqibatlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishga undaydi. Yaqinda 56 yoshdagi S.Yarashev o‘z uyida mahalladoshi 57 yoshdagi Q.Mo‘talov bilan spirtli ichimlik iste’mol qiladi. Shirakayf bo‘lgach, mezbon ham, mehmon ham yoshlik davrini qumsab qoladi. Kuch sinashmoqchi bo‘ladi. Xonada o‘zaro kurash tushayotganida bir-biri bilan tortishib qoladi. Shu payt S.Yarashev hovliga chiqib, tandir yonida turgan temir kosov bilan “mehmoni”ning yuz sohasi va tana a’zolariga urib, og‘ir tan jarohati yetkazadi. Soch-soqoliga oq, yuziga keksalik ajini tushgan bu kimsalarning farzandlari, nevaralariga, mahalla yoshlariga ibrat bo‘lish o‘rniga spirtli ichimlik ta’sirida yuzi shuvut bo‘lganini, mahalla-kuyga “tomosha” ko‘rsatganini qanday tushunish mumkin? 

Termiz shahrida yashovchi 26 yoshdagi S.Turdiyev Qumqo‘rg‘on tumani “Surxon sohili” mahallasida yashovchi onasidan hol-ahvol so‘rash uchun uning uyiga borganida onasi bilan ajrashib ketgan shu mahallada yashovchi otasi T.Nizomov janjal chiqaradi. Shu payt Termizdan borgan o‘g‘li stul bilan otasining bosh va badan sohalariga urib, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazadi. Hayotda adashgan ota bilan onani yarashtirib qo‘yish, nizo va tortishuvlariga barham berish o‘rniga o‘g‘ilning otani rosa do‘pposlaganini qanday tushunish mumkin? Bu S.Turdiyevga bolalikdan to‘g‘ri tarbiya berilmaganining, uydagi janjal ta’sirida ulg‘ayganining ayanchli oqibati emasmikan?

Denov tumanidagi “Chim” mahallasida yashovchi 56 yoshdagi O.Qoziyevaning qo‘l va badan sohasiga o‘zi bilan birga yashovchi kelini N.Choriyeva do‘pposlab, o‘rtacha og‘irlikda tan jarohati yetkazganini qanday tushunsa bo‘ladi? Qaynonaning xizmatini qilib, duosini olish o‘rniga uni urib, ko‘nglini ranjitgan kelinning ota-onasi, farzandlari mahallada qanday bosh ko‘tarib yuradi? Bu haqda esa N.Choriyeva qaynonasiga tan jarohati yetkazib, jinoyatga qo‘l urishdan avval o‘ylab ko‘rishi lozim edi.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. 

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!