Bozordagi mikroblar: bu holatning yechimi bormi?

Bozordagi mikroblar: bu holatning yechimi bormi?

Sarlavhani o‘qib, mulohazalar narx-navo haqida bo‘lsa kerak, deya o‘ylayotgandirsiz. Yo‘q, aslo. Shukrki, har yili ilik uzildi chog‘ida ancha-muncha ko‘tariladigan narx bu yilgi ko‘klamda arzonlashdi. Bozorlarimizdagi meva-cheva va sabzavot mahsulotlari serobligi bilan birga, bahosi ham hamyonbop. Ko‘nglimizni xira qilgan holat esa ana shu noz-ne’matlar sotilayotgan joydagi antisanitar vaziyat.

Xalqning turmush tarzi, madaniyati va ma’naviyati darajasini bilmoqchi bo‘lsang, bozoriga bor , deyishgan. Keyingi yillarda yurtimizda hududlar obodligi qatorida bozorlarni tartibga solish borasida ham ijobiy ishlar qilindi. Jumladan, Navoiy shahridagi Markaziy dehqon bozorida sotuvchi va xaridorlarga qulaylik yaratish maqsadida yangi usti yopiq rastalar o‘rnatilib, go‘sht va go‘sht mahsulotlari uchun muzlatkichli alohida pavilyon barpo etildi. Biroq...

Siz ko‘rib turgan suratlarda Markaziy dehqon bozorining ulgurji savdo qilinadigan qismidagi ahvol aks etgan. Aslida bu joyda qo‘shni viloyatlardan olib kelingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji narxlarda sotilardi. O‘tgan yili ulgurji bozor Karmana tumaniga ko‘chirildi. Bu joy esa aksariyat holatda noqonuniy savdo qiluvchi tadbirkorlar ga meros bo‘lib qoldi. Endi ular o‘z mahsulotlarini yerda, aravalarda, xaridorlar o‘tib-qaytayotgan yo‘laklar ustida sotishmoqda.

Mevalar iste’mol qilishdan avval yuvilishi, sabzavotlar esa tozalanib, pishirilishi mumkin. Balki shunda chang-to‘zondan ularga yetgan zarar bartaraf etilar, ammo antisanitar holatda sotilayotgan turli salatlar, suzmayu tuzlamalar-chi? Bu yerda, hatto, quvvatbaxsh taom sifatida go‘ja ham sotilmoqda. Lekin ochiq holatda turgan bu mahsulot inson tanasiga quvvat bilan birga, ayrim xastaliklarni ham baxsh etmasligiga kim kafolat beradi?

Bozor uchun mas’ul Saxovat mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilarining aytishicha, ular palapartish optom bozor ni tartibga solishga ko‘p urinishgan. Ammo ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar bundan norozi bo‘lib, viloyat hokimligiga arz qilishgacha borishibdi.

Kelgusida bu yerda ham yopiq turdagi rastalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Demak, ahvol shundagina yaxshilanadi. Ungacha esa oyoq ostidagi savdo davom etaveradi...

Manba: mahalladosh.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!