BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ikkinchi muddatga qayta saylandi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ikkinchi muddatga qayta saylandi

Antoniu Guterrish BMT bosh kotibi lavozimiga ikkinchi muddatga qayta saylandi, deb xabar bermoqda «RBK».

«Antoniu Guterrish akklamasiya (qarsak, olqish va o‘z fikrini bildirishning boshqa norasmiy usullari asosida qaror qabul qilish yoki bekor qilish) yo‘li bilan ikkinchi muddatga — 2022 yil 1 yanvaridan 2026 yil 31 dekabrigacha BMT bosh kotibligiga tayinlanganini e’lon qilish sharafiga muyassar bo‘lmoqdaman», — dedi Bosh assambleya raisi Volkan Bozkir.

8 iyun kuni uning nomzodini tashkilotning Xavfsizlik kengashi qo‘llab-quvvatladi va Bosh assambleyaga Guterrishni ikkinchi muddatga tayinlashni tavsiya qildi.

Ma’lumot uchun, BMT bosh kotibi besh yil muddatga saylanadi.

Portugaliyalik Antoniu Guterrish BMT bosh kotibi lavozimini 2017 yil 1 yanvardan buyon egallab kelmoqda. U 1949 yilda Lissabonda tug‘ilgan, ilm-fan va siyosat bilan shug‘ullangan, 1974 yilda Chinnigullar inqilobida (Portugaliyadagi qonsiz harbiy to‘ntarish) faol qatnashgan. Yangi davlat rejimi to‘ntarilganidan keyin Portugaliya hukumati tarkibiga kirdi, 1995 yilda mamlakat bosh vaziriga aylandi.

BMTda Guterrish 2005 yildan buyon ishlaydi, o‘shanda u tashkilotning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissari lavozimiga saylangan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!