Badanidan ignalar topilgan chaqaloqning onasi 10 yilga qamaldi

Badanidan ignalar topilgan chaqaloqning onasi 10 yilga qamaldi

Tojikistonning Rudakiy tuman sudi 26 fevral kuni 27 yoshli Muhayyo Yoqubovani sog‘liqqa atayin og‘ir zarar yetkazishda aybdor deb topdi va uni o‘n yilga qamadi. Sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar u ozodlikda qoladigan bo‘ldi.

Muhayyo Yoqubova o‘tgan yilning iyul oyida 9 oylik bolasi Mudassir Karimovning badaniga o‘nta igna sanchib, og‘ir jarohat yetkizganlikda gumonlanib tergov qilina boshlagan edi. Suddan so‘ng Muhayyo Yoqubova ayblovni tan olmasligini aytdi:

-Bu tuhmat. Hech bir ona o‘z farzandiga bunday munosabatda bo‘lmaydi. O‘g‘limning badanida ignalar qayerdan paydo bo‘lganini bilmayman. Birinchi marta tergov qilishganida meni zo‘rlash bilan qo‘rqitishdi, katta o‘g‘limni tortib olish bilan tahdid qilishdi. Shunday yo‘l bilan ayblovni tan oldirishdi. Sud menga bosim ko‘rsatgan bu besh nafar milisiya xodimini chaqirib so‘roq qilmadi, ammo sudda milisionerlar menga tahdid qilishganiga guvoh bo‘lgan odam davlat qoralovchisi sifatida ishtirok etdi,-dedi Muhayyo Yoqubova.

Sud va prokuror bu ish yuzasidan sharh berishni istamadi. Yoqubovaning advokati Muhabbat Usmonova esa:

-Men aniq ishonamanki, hech bir ona o‘z farzandiga jarohat yetkazmaydi. Sud hukmidan norozimiz. Yuqori sud instansiyasiga shikoyat arizasi kiritamiz,-deb aytdi.

9 oylik Mudassir Karimov o‘tgan yilning iyulida Dushanbedagi Milliy tibbiyot markaziga og‘ir ahvolda olib kelingan edi. Shifokorlar o‘shanda uning badanidan o‘nta igna topishgan.

Rentgen orqali bolaning boshida, burnining ostki qismida, oyoqlarida, bo‘ynida, ko‘krak qafasida va boshqa a’zolarida ignalar borligi aniqlangan.

Ayrim ignalar tananing ichiga chuqurlab ketgani oqibatida shifokorlar chaqaloqni qayta opreasiya qilishlariga to‘g‘ri kelgan. Shifokorlar o‘shanda bu ignalar bola tanasida kamida uch oydan beri mavjudligini aytgan edilar.

Badanidan ignalar topilgan Mudassir Karimov oiladagi ikkinchi farzand bo‘lib, uni onasi tarbiya qiladi. Bolaning otasi esa Rossiyaga mehnat muhojirligiga ketgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!