Avtomobil sotib olish madaniyati: zamonaviy bozorning tuzoqlari

Avtomobil sotib olish madaniyati: zamonaviy bozorning tuzoqlari

Hozirgi zamonda deyarli har bir kishi intensiv ritmda yashaydi. Har kuni biz oiladagi, ishdagi va shaxsiy ishlardagi masalalarni hal qilishga majbur bo‘lamiz. Ba’zi vaziyatlarda avtomobilsiz hamma ishga ulgurishni tasavvur ham qila olmaymiz. Shu munosabat bilan, biz mamlakatimiz yo‘llarida temir ot egalarining soni tez o‘sayotganini kuzatishimiz mumkin. Hozirgi 2022 yilda mashina sotib olish juda oddiy ish bo‘lib tuyuladi, shunchaki ma’lum miqdorda pul to‘plab, avtosalonga kelish va mashina sotib olish kifoya. Biroq, zamonaviy bozorning haqiqatlari bu jarayonni nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda mushkullashtirmoqda. Bugun biz obunachilar bilan birgalikda, yarimo‘tkazgich inqirozi avtomobillar tanqisligini qanday hosil qilgani va ekspertlar yaqin yillar uchun qanday prognozlarni berayotgani masalalarini ko‘rib chiqamiz.

Yarimo‘tkazgich inqirozining avtomobil sanoatiga ta’siri

Yarimo‘tkazgichlar inqirozi haqida deyarli har birimiz tobora ko‘p eshitmoqdamiz, inqiroz natijasida butun dunyo bo‘ylab avtomobil tanqisligi boshlandi, maishiy texnika narxlari oshdi va hatto ba’zi mobil telefonlar cheklangan miqdorda ishlab chiqarilmoqda.

Yarimo‘tkazgichlar nima?

Information Technology jurnaliga ko‘ra, yarimo‘tkazgich – bu kristalli material. Elektr energiyani metall kabi yaxshi o‘tkazmasa-da, lekin ko‘p izolyatorlarga nisbatan o‘tkazuvchanligi kuchliroq. Bu material chiplar, prosessorlar va boshqa elektron boshqaruv elementlarini ishlab chiqarishda asosiy xomashyo sanaladi.

Yarimo‘tkazgichlarni ishlab chiqarish - 9 bosqichda bajariladigan murakkab texnologik jarayon.

Nima uchun yarimo‘tkazgichlar yetarli emas?

SOVID-19 koronavirusi pandemiyasi paytida texnika va avtomobil ishlab chiqaruvchilar og‘ir vaziyatga tushib qolishdi: ular izolyasiya paytida iste’molchilar yangi narsalarni xarid qilish emas, birinchi navbatda sog‘lig‘iga e’tibor qaratishadi, degan fikrda bo‘lgan. Bundan tashqari, global cheklovlar tufayli zavodlar avvalgidek ishlay olmadi va ishlab chiqarish sonini sezilarli darajada qisqartirdi. Shu munosabat bilan, avtomobil gigantlarining aksariyati yarimo‘tkazgichlarni yetkazib berishdan voz kechishdi, va shu sababli buyurtma hajmlari tushib ketdi. Elektronika ishlab chiqaruvchilari bilan ham xuddi shunday voqea yuz berdi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda dunyoda faqat bir nechta mamlakatlar yarimo‘tkazgichlarni sanoat miqyosida ishlab chiqarmoqda, bu: Xitoy, Tayvan va AQSH. Tarix taqozosi bilan yuqori texnologik ishlab chiqarish jarayoni Xitoy va Tayvanga ko‘chirildi, buning sababi, eng maqbul qulay ekologik qonunlar va arzon ishlab chiqarish narxlari edi. AQSh mamlakatning ichki manfaatlari himoyasi nuqtai nazaridan, zavodni tark etdi.

Biroq, COVID-19 pandemiyasi mobaynida xaridorlarning xatti-harakati taxmin qilingan narsalarga mutlaqo zid edi. Uy sharoitida odamlar masofaviy ish shakliga o‘tishdi, ularning noutbuklarga, stasionar kompyuterlarga va smartfonlarga ehtiyoji oshdi. Bundan tashqari, ayrim mamlakatlar karantin cheklovlarini yengillashtirganidan so‘ng, xaridorlar darhol avtosalonlarga avtoulov xarid qilish uchun bordilar. Avtomobillarni xarid qilishga bo‘lgan talab keskin oshdi, lekin ishlab chiqaruvchilar mahsulot ishlab chiqarish sonini kamaytirgan edi. Kompaniyalarning ko‘p miqdordagi yarimo‘tkazgichlarga ehtiyoji kuchli edi, ammo o‘z navbatlarini yo‘qotishganligi sababli, buyurtmalar yetkazib berish muddati sezilarli darajada surilib ketdi va chiplarga talab ortgani tufayli, fabrikalarda ishlab chiqarish keskin oshirilganiga qaramay, yetarli darajada mahsulot ishlab chiqarishga ulgurishmagan edi. Lexus, Hyundai, Kia, Toyota 2020 yilda o‘z mijozlariga rasmiy ravishda avtomobillarni o‘z vaqtida yetkazib bera olmasligini e’lon qildi, ammo bu faqat boshlanishi edi.

2021 yilda tabiiy ofatlar ketma-ketligi yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish to‘liq to‘xtatilishiga olib keldi. Shunday qilib, Tayvanda qurg‘oqchilik yuz berdi, yarimo‘tkazgichlarni ishlab chiqarish uchun esa ko‘p suv sarfi talab qilinadi.

NXP kompaniyasi g‘ayritabiiy sovuq va elektr energiyasi yo‘qligi tufayli Texasning Ostin shahridagi zavod faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi

AQShda vaziyat yaxshi emas edi, Texas shtatida, Amerika zavodi joylashgan hududda elektr energiyasining uzilishini keltirib chiqargan g‘ayritabiiy sovuqlar yuz berdi. Elektr ta’minotini bir necha hafta mobaynida tiklashning iloji bo‘lmadi. Faqat Xitoy zavodi ish faoliyatini to‘xtatmagan edi, lekin birinchidan, bitta zavod barcha jahon ishlab chiqaruvchilarini yetarli hajmda ta’minlay olmas edi, ikkinchidan, Xitoy xalq Respublikasi hukumati birinchi navbatda yarimo‘tkazgichlar bilan mahalliy avtomobil va uskunalar ishlab chiqaruvchilarni ta’minlashga qaror qildi.

Avtomobil bozoridagi hozirgi vaziyat

Bugungi kunda deyarli barcha mamlakatlarda avtomobillar yetishmovchiligi mavjud, ba’zi avtosalonlarda avtomobillar qolmagan bo‘lsa, ba’zilarida esa avtomobil dilerlari narxlarni sezilarli darajada oshirgan. Ishlab chiqaruvchilar qanday qarorga keldi? Har bir kompaniya yarimo‘tkazgich yetishmovchiligi muammosini vaziyatdan kelib chiqib hal qiladi. Avtomobil kompaniyalari ishlab chiqarish liniyasini to‘xtatish katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini tushunadi, shuning uchun ular ma’lum bir jihozlarsiz avtomobillarni ishlab chiqarishni davom ettirmoqda. Misol uchun, Tesla o‘rindiqni elektron moslashtirish sozlamalaridan voz kechdi. Jeep, Dodge va RAM endi ko‘rish qiyin bo‘lgan joylarni kuzatish tizimlari bilan jihozlanmaydilar. Umuman olganda, ishlab chiqaruvchilar o‘z avtomobillarining komplektasiyasini soddalashtirishga majbur.

Yana bir qaror Amerikaning Ford kompaniyasi tomonidan qabul qilindi, u avtomobil ishlab chiqarishni davom ettirdi, lekin avtomobillar maxsus turargohlarga joylashtirilmoqda, chunki ular avtomobildan foydalanish uchun zarur bo‘lgan ayrim uskunalar bilan jihozlanmagan. Ishlab chiqaruvchi chiplarni olgach, ularni tayyor mashinalarga o‘rnatishadi. 2021 yil dekabr oyida, Amerika shtatlarida kamida 7000ta Ford F150 pikapi jamlandi, va bu allaqachondan beri kompaniya uchun muammo bo‘lib qolmoqda, chunki mashinalarni saqlash uchun yetarli joy mavjud emas. Ishlab chiqarish liniyasini to‘xtatish esa ko‘plab ish o‘rinlarni qisqarishiga olib keladi va shu jihatdan katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi.

Amerikadagi General Motors boshqa uslubni qo‘lladi. Kompaniya Chevrolet Malibu modelining marjinalligi Chevrolet Tahoe va Chevrolet Silverado’dan kamroq ekanligini tahlil qildi va sedandan yo‘ltanlamas va pikaplarga multimediani o‘rnatishga qaror qildi.

Yana bir uslubni Germaniyaning Mercedes-Benz kompaniyasi qo‘lladi, ular sodda va arzon jihozlangan avtomodellarning sotuvini to‘xtatdilar, va xaridorlarga qimmatbaho modellarni taklif qildilar, shu bilan yarimo‘tkazgichlardan kam daromad keltiradigan modellardan premium nomlarga yo‘naltirdilar. Volkswagen ham, raqobatchilaridan past kelmadi, va kompaniya elektrokarlarni ustuvorligini birinchi o‘ringa qo‘ydi. Buning sababi ekologik trend bo‘lgani uchun emas, bunday modellar cheklangan jihozlarga ega bo‘lganiga qaramay juda katta daromad olib keladi.

Bunday yechimlar bilan ham, barcha avtomobil ishlab chiqaruvchilari chiplar soni talabni qondirish uchun yetarli emasligini ta’kidlaydilar. 2022 yilda global bozorlarga chiqariladigan deyarli har qanday yangi model darhol tanqis bo‘lib qolmoqda. Ushbu holat bozor narxlariga ta’sir qilishi aniq. Agar ba’zi MDH mamlakatlarining avtomobil bozorlaridagi narxlarni ko‘rib chiqsak, avtomobil narxlari keskin oshganligini ko‘rish mumkin. Misol uchun, qo‘shni Qozog‘iston Respublikasida Skoda va Hyundai kabi turli xil xorijiy avtomobillarni yig‘adigan bir nechta zavod mavjud bo‘lsa-da, avtosalonlarda avtomobillar, va hattoki ularning narxlari yo‘q.

The Verge Amerika nashriga ko‘ra, faqat 2022 yil aprel oyida AQSh iste’molchilari kamomad tufayli sotib olinayotgan avtomobillar uchun o‘rtacha 8% dan 15% gacha qayta to‘lov qilishgan. Bunday statistika deyarli barcha mamlakatlarda kuzatiladi. Yuqori talab tufayli fabrikalar mikrochiplarning yetishmasligi sababli kerakli miqdordagi avtomobillarni ishlab chiqarishga qodir emas.

Havotirli bashoratlar

Butun dunyo yarimo‘tkazgichlarning yetishmasligidan aziyat chekmoqda, bu esa zavodlarni qurish va talabni qondirishga to‘sqinlik qiladimi? Muammo shundaki, bunday yechim katta sarmoya va qurilish uchun yetarlicha uzoq vaqtni, ya’ni taxminan 1-2 yilni talab qiladi. Investorlar o‘z mablag‘larini tikib tavakkal qilishni istashmaydi, chunki bu muddat ichida vaziyat o‘zgarib, ularning zavodlari daromad olib kelmasligi mumkin. Shuning uchun avtomobilsozlik sohasidagi prognozlar juda salbiy. Yarimo‘tkazgichlarning inqirozi kamida bir yil davom etadi va biz iste’molchilar sifatida avtomobillar va uskunalar yetishmasligida yashashimiz kerak.

O‘zbekiston bozorini qanday kelajak kutmoqda?

Ma’lumki, O‘zbekistonda asosiy yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi UzAutoMotors hisoblanadi. So‘nggi yillar mobaynida kompaniya sezilarli darajada o‘sdi va iste’molchiga nisbatan shaffofroq bo‘ldi: ko‘p yillik navbatlar yo‘qoldi, trade-in dasturlari paydo bo‘ldi, avtomobil kutish muddatlarini kuzatish imkoniyati yaratildi. Biroq ma’lum iste’molchilar guruhi hozir baribir avtosalonga murojaat qilgan kunning o‘zida ayrim modellarni xarid qilib bo‘lmasligi, chunki ular sotuvga yo‘qligi borasida e’tiroz bildirishi mumkin. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda UzAutoMotors mablag‘larni tejash maqsadida avtomobillarni magnitolasiz va\yoki o‘rindiqlar isitish tizimisiz chiqarayotgani haqida fikrlar aylanmoqda. Mazkur qarash butkul noto‘g‘ri, chunki, bugungi kunda UzAutoMotors operasion ishi yetarli darajada samarali yo‘lga qo‘yilgan va ishlab chiqaruvchi avtomobillarni tezlikda yig‘ish va ularni iste’molchiga sotishdan xursand bo‘lar edi, biroq aynan yarimo‘tkazgichlar taqchilligi avtomobil yetkazib berishni qiyinlashtirmoqda. Unutmaslik kerakki, hatto eng oddiy avtomobil ham yuzlab mikrochiplarni talab qiladi. Agar ikki-uch oydan iborat Chevrolet Gentra’ni kutish muddatlari bilan, deylik, yillar davomida kutiladigan Toyota Land Cruiser 300 bilan solishtiradigan bo‘lsak, UzAuto’dagilar o‘z ishini bilib qilayotgani yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘zbekistondagi odamlar Toyota brendiga nisbatan biroz yon bosuvchi qarashga ega bo‘lsa-da, bizning qiyoslashimizdan mahalliy ishlab chiqaruvchi mazkur vaziyatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni imkon qadar chetlab o‘tayogani ko‘rinmoqda.

Afsuski, yaqinda dunyodagi noqulay siyosiy vaziyat tufayli Rossiyaning po‘lat ishlab chiqaruvchilariga qarshi sanksiyalar qo‘llanilgani haqida xabarlar yetib keldi. Ular UzAuto avtomobil ishlab chiqarishi uchun xomashyo yetkazib beruvchilardan biri hisoblanar edi. Biroq bu xabarga qaramasdan, kompaniya muqobil hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish va ishlab chiqarish jarayonlariga ta’sirni kamaytirish uchun faol chora ko‘rmoqda.

Shuni anglashimiz muhimki, UzAuto bugungi kunda «an’anaviy tipdagi korporasiya» emas, aksincha o‘z iste’molchilarini tinglaydigan, modellar qatorini doimiy ravishda takomillashtirib boruvchi va bozorga zamonaviy elektromobillarni chiqarish imkoniyatlarini o‘rganib kelayotgan zamonaviy va yetarli darajada moslashuvchan kompaniyaga aylandi.

Materialni Alisher Ismailov tayyorladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!

Bildirilgan fikrlar (3 )

    Shahobiddin
    Aldamanglar, butun dunyo boʻyicha bizdan yaxshi holatda mashina savdosi
    Рома
    Умуман йуколиб кет машинанг билан
    NURBEK
    Buyurtma maqola