AQSh Yaponiyada koronavirus avj olishi mumkinligidan ogohlantirmoqda

AQSh Yaponiyada koronavirus avj olishi mumkinligidan ogohlantirmoqda

Juma kuni AQSh hukumati Yaponiyada koronavirus avj olishi mumkinligi borasida xavotir bildirdi. Tokio gubernatori ham mamlaktda virus tarqalishining oldini olish uchun qat’iy choralar ko‘rish kerakligini ta’kidlagan.

Butun dunyoda mazkur yuqumli kasallik tarqalishining oldini olish uchun odamlarning harakatlariga cheklov keskin kuchaymoqda. Ammo, Yaponiya hukumati shu paytgacha o‘z iqtisodiyotiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan jiddiy zarar sababli cheklovlar qo‘yishni ortga surib keldi. Dunyoda uchinchi o‘rinda turuvchi Yaponiya iqtisodiyoti allaqachon turg‘unlik holatiga yaqinlashmoqda.

Juma kuni AQShning Tokiodagi elchixonasi Amerika fuqarolarini ogohlantirib, Yaponiyaning hozirgi kunga qadar keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazmaganligini ta’kidladi. Bu esa, mamlakatda koronavirus avj olib ketishi mumkinligidan dalolatdir.

“Yaponiya hukumatining keng miqyosda sinovlarni o‘tkazmaganligi COVID-19 ning tarqalish darajasini aniq baholashni qiyinlashtiradi. Bugungi kundagi Yaponiya sog‘liqni saqlash tizimining salohiyatiga ishonsakda, COVID-19 ga chalinganlarning sezilarli darajada ko‘payishi kelgusi haftalarda ushbu tizimning qanday ishlashini taxmin qilishni qiyinlashtiradi deb hisoblaymiz», deb yozdi AQSh Elchixonasi o‘z veb-saytida.

Agar AQSh fuqarolari Yaponiyadan Qo‘shma Shtatlarga qaytishni istasalar, bu ishni hozir qilishlari kerak. Aks holda ularning Yaponiyada «noma’lum muddatga» qolib ketishlari xavfi mavjud, deyiladi xabarda.

Koronavirus ayni damda Yevropaning ba’zi qismlarida, AQShda va boshqa joylarda avj olgan bir paytda, Yaponiyada bu falokat keng miqyosda tarqalmadi. Kunchiqar yurtda shu paytgacha 3,000 ga yaqin odamda virus qayd etilgan va ularning 73 tasi vafot etgan.

Mamlakatda kasallanganlarning eng ko‘p soni Tokioga to‘g‘ri kelib, bu yerda 800 ga yaqin odam koronavirusni yuqtirib olgan. 14 million aholiga ega Tokio uchun bu juda kichik raqamdir.

Ammo, mutaxassislar tekshirilmagan holatlar tufayli bemorlarning ko‘payishidan xavotirda. Sog‘liqni saqlash vazirligi mart oyining oxiriga kelib mamlakat bo‘ylab virusning 26 ta zanjirini hisoblab chiqqan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!