Alisher Qodirov: "Mashina qimmat emas, odamlar kam pul topyapti"

Alisher Qodirov: "Mashina qimmat emas, odamlar kam pul topyapti"

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov UzAuto Motors masalasida: «Muammo avtomobil qimmatligida emas, balki odamlar kam pul ishlab topishida», — deya ta’kidladi. Uning fikricha, «odamlar halol ishlab topgan pullariga sifatli avtomobil sotib olishga haqli». Biroq, deputat hozircha bojxona boji bekor qilinishi tarafdori emas. «Biz o‘zimizni odamlarni avtomobil sanoatini qo‘llab-quvvatlashga majbur qilayapmiz», — dedi u.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari — «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida UzAuto Motors masalasi borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

Deputat UzAuto Motors haqida gapirar ekan, YAIMdagi ulushi 35 trln so‘mga tengligi, uni tashkil etishga uzoq yillar davomida xalq salmoqli sarmoya kiritilganini qayd etgan.

So‘zi davomida u O‘zbekiston aholisi mashina narxi qimmatligidan emas, balki uni sotib olishga qurbi yetmayotganidan jarb ko‘rayotganini ta’kidlagan.

«Xalq avtomobil sotib olish uchun yetarli pulga ega emasligidan jabr ko‘rayapti. Muammo avtomobil narxi qimmatligida emas, balki odamlar kam pul ishlab topayotganida. Xaridorlik qobiliyati past… Odamlar halol ishlab topgan pullariga sifatli avtomobil sotib olishga haqli. UzAuto Motors`ning ochiqdan-ochiq qimmat mashina sotishlari tarafdorimasman. O‘zbekistonda raqobatbardosh avtomobilsozlikka bosqichma-bosqich o‘tilishi tarafdoriman», — dedi Alisher Qodirov.

Xalq vakili bojxona boji bekor qilinsa, Gentra segmantida 14 ming dollarlik avtomobil kirib kelishini aytib o‘tgan. «Gentra`ni 18 mingdan sotishayaptimi? Tan olaman, juda qimmat, men buni qo‘llab-quvvatlamayman. Sifatini [talabga javob bermasligini] ham men tan olaman, Volkaswagen Gentra`dan yaxshiroq», — dedi u.

Biroq, u so‘zida davom etarkan, hozirgi paytda bojxona ochilishi tarafdori emasligini qo‘shimcha qilgan.

«Bu [bojxona boji bekor qilinishi] bizni shundoq ham kutib turibdi. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilsa, tabiiyki, bojxona bojini boshqarish bizga bog‘liq bo‘lmay qoladi. Lekin, bizda o‘nlab yillar mobaynida xalqning trillionlab sarmoyasini kiritib tashkil qilganimiz — mahalliy ishlab chiqaruvchini transformasiya qilish imkoni bor. Bolta bilan halok qilish va o‘z bozorimizni tashqi ishlab chiqaruvchilarga ochib berish, bu oson. Yaponiya va Koreya tajribasini o‘rganayapmiz, ular 1980 yillargacha tashqi ishlab chiqaruvchilar uchun to‘liq yopiq mamlakat bo‘lgan. Xattoki, Amerika ham hozirgacha o‘zlarini qimmat ishlab chiqaruvchilaridan foydalanadi. Toyota anchayin arzon, lekin ular bunga yo‘l qo‘ymayapti-ku», — dedi «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari.

U ushbu misollarni o‘zini himoya qilish uchun aytmaganini qayd etgan. «Bizda buning hammasi noto‘g‘ri tashkil etilgan, bunga qo‘shilaman. Meni bu borada noto‘g‘ri tanqid qilishadi», — dedi deputat.

Alisher Qodirov UzAuto Motors iqtisodiyotni barbod qilish yo‘li bilan emas, balki, qo‘llab-quvvatlash orqali transformasiya qilinishi kerakligini ta’kidlagan.

«Odamlar talab qilayotgandek bo‘lishi kerak. Lekin, buni iqtisodni vayron qilish orqali emas, balki unga ko‘maklashish yo‘li bilan qilishimiz kerak. Biz iqtisodiyotni qurayapmiz. Biz hozir YAIMning 35 trln so‘mlik qismini saqlab qolish yoki qolmaslik masalasini muhokama qilayapmiz. Agar davlat hozir mashinasozlik sohasini qo‘llab-quvvatlamasa, u barbod bo‘ladi va biz JSTga qo‘shilamiz. Bizda o‘zimizni avtomobilsozlik sohamiz bo‘lmaydi…», — dedi u.

Uning fikricha, «biz hozir qimmat va sifatsiz avtomobilni sotib olish orqali sohani qo‘llab-quvvatlayapmiz. Buni shunchaki, boricha qabul qilish kerak».

Loyiha boshlovchisining «shundoq ham hech kim qo‘llab-quvvatlashni istamayapti-ku» degan fikriga, partiya rahbari quyidagicha javob berdi:

«Qachonlardir, odamlarni davlat qurishga majburlashgan, tushunayapsizmi. Ba’zan odamlar davlat qurishni ham xohlashmagan. Hozir bo‘lsa, o‘sha odamlarning avlodlari shu davlatda baxtli hayot kechirmoqda. Qaysidir ma’noda, balki biz ham o‘zimizni odamlarni — men bunda ishtirok etmayapman, — avtomobil sanoatini qo‘llab-quvvatlashga majbur qilayapmiz», — dedi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!