AI-80 markali benzinni AI-91 yoki AI-92 deb sotayotgan "zapravka"lar aniqlandi

AI-80 markali benzinni AI-91 yoki AI-92 deb sotayotgan "zapravka"lar aniqlandi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 markali benzinni AI-91 yoki AI-92 markasi ostida sotish holatlari aniqlangan.

Shu sababli Qo‘mita tomonidan mamlakatimizning turli hududlarida xususiy korxonalarga qarashli 23 ta yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotilayotgan yonilg‘i sifatini aniqlash maqsadida nazorat xaridlari o‘tkazildi, shuningdek, belgilangan hajmdan kam hajmlarda benzin mahsulotini quyib berish holatlari ham o‘rganildi.

«ISTE’MOLCHILAR HUQUQLARINI HIMOYa QILISh TO‘G‘RISIDA»gi Qonunda sotuvchi iste’molchiga o‘zi sotayotgan tovar to‘g‘risidagi zarur, ishonchli va foydalanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etishi shartligi belgilangan.

Shuningdek, agar mahsulot to‘g‘risida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarning taqdim etilishi zarur iste’mol xususiyatlariga ega bo‘lmagan tovarlarni sotib olishga olib kelgan bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va unga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli. Iste’molchi shartnoma tuzish yo‘li bilan tovarni erkin sotib olish huquqiga ega bo‘lib, bu shartnomaga ko‘ra sotuvchi iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish majburiyatini, iste’molchi esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar.

O‘RGANISHLAR NATIJASI

Qonunbuzarliklar Samarqand viloyatidagi “Triada ekspress servis” MChJ, “Turop Godir” MChJ va “Muxammad neft oil” MCHJ kabi yonilg‘i quyish shoxobchalarida aniqlandi. Sirdaryo viloyatidagi “SAID AGSM TEX SERVIS”, “Bekzod-5”, “Murod Maqsad Trans” va “LUX PETROL” MChJ'larga qarashli yonilg‘i quyish va boshqa shu kabi shoxobchalarda ham bunday holatlar kuzatilgan.

Yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatini o‘rganish natijalariga ko‘ra, benzinni noto‘g‘ri sotish, shuningdek, iste’molchilarga to‘liq hajmlarda quyib bermaslik natijasida yetkazilgan zarar miqdori qariyb 489 million so‘mni tashkil etdi. Ayni paytda Qo‘mita tomonidan iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash va qayta hisob-kitob qilish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Qo‘mita tomonidan birja auksionlarida xarid qilingan va yonilg‘i quyish shoxobchalari orqali sotilayotgan AI-80 markali benzin sotilishini tizimli o‘rganib chiqilayotganini ham alohida ta’kidlash lozim.

Shu tariqa, yil boshidan buyon birja savdolari orqali o‘rtacha 20 tonna, jami 5,2 ming tonna neft mahsulotlari xarid qilinganiga qaramay, 241 ta yonilg‘i quyish shoxobchalarida iste’molchilarga benzin sotilmagani aniqlandi, ya’ni sun’iy ajiotaj holati vujudga keltirilmoqda. O‘rganishlar natijalari bo‘yicha materiallar zarur choralar ko‘rilishi uchun Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!