2019 yilda ijtimoiy sarf-xarajatlarga 57,8 trillion so‘m ajratish rejalashtirilmoqda

2019 yilda ijtimoiy sarf-xarajatlarga 57,8 trillion so‘m ajratish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat bosh moliyaviy hujjatining ijrosi hamda 2019 yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti loyihasi muhokama etildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi, deb yozadi «Gazeta.uz».

Tadbirda dastlab joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosiga e’tibor qaratilib, yil yakuni bo‘yicha kutilayotgan prognoz natijalari muhokama qilindi.

Aholi jon boshiga hisoblangan yalpi ichki mahsulotning (YAIM) o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’atlari qayd etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,5 foiz yuqori ekani ta’kidlandi. Jumladan, iste’mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning shu davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 111,4 foizni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarining real o‘sishi esa 109,5 foizni tashkil qildi.

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan umumiy xarajatlarning 53,4 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi. Bu xarajatlar YAIMga nisbatan 11,8 foizni tashkil etdi. 19 trillion so‘m, yoki ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘larning deyarli 65,8 foizi ish haqini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.

Qo‘mita yig‘ilishida ijtimoiy sohaning eng muhim masalalari muhokama etilib, unda sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimidagi tub islohotlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ijtimoiy munosabatlarning galdagi ustuvor vazifalaridan bo‘lgan aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan choralarni moliyalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

2019 yilda ijtimoiy sarf-xarajatlarga 57,8 trillion so‘m ajratish rejalashtirilmoqda.

Kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam va 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga beriladigan nafaqa oluvchilar sonini ko‘paytirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun 643,5 milliard so‘m ajratilishi nazarda tutilmoqda. Bu esa nafaqalar tayinlanishini 507 ming oiladan 621 ming oilagacha yoki 1,2 marta oshirish imkonini beradi.

Shu mavzu kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida muhokama etildi.

Unda ta’kidlanganidek, yakunlanayotgan yil davomida ilk marotaba davlat byudjetining xarajatlari o‘tgan 2017 yilga nisbatan qariyb 30 trillion so‘mga (1,6 barobarga) oshdi. Byudjet xarajatlarining asosiy qismi ijtimoiy sohaga yo‘naltirildi va byudjet sohasi xodimlari ish haqi, pensiya va nafaqalarini inflyasiya ko‘rsatkichidan yuqoriga oshirish bilan birga, tarbiyachilar, o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, professor-o‘qituvchilar, madaniyat xodimlarining oylik maoshi ko‘paytirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!