10 sutkaga qamalgan qashqadaryolik haqoratli so‘zlari uchun yana 5 sutka «oldi»

10 sutkaga qamalgan qashqadaryolik haqoratli so‘zlari uchun yana 5 sutka «oldi»

Qarshi shahar ma’muriy sudining 17 maydagi ochiq sud majlisida IIB xodimining qonuniy talabini bajarmagani uchun 10 sutka qamalgan Qarshi shahar Otchopar mahallasida yashovchi fuqaro SH.A.ning bu safar YPX xodimini haqorat qilgani va jamoat joyida so‘kingani masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Daryo ga viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

SH.A. 17 aprel kuni BMW-316 avtomobilida Qarshidagi Sharshara choyxonasi chorrahasida svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanib kelganda, YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgan. Qoidabuzar haydovchi esa unga qoidabuzarligini tushuntirib, qonuniy bayonnoma rasmiylashtirgan IIB YHXB 3-safarbarlik guruhi inspektori Shahzod Nasimovni haqorat qilib, jamoat joyida tilga olib bo‘lmaydigan so‘zlar bilan so‘kkan.

Bu ham yetmaganidek, voqeani telefoniga tasvirga tushirib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan. SH.A.ning ushbu xatti-harakati Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik (mayda bezorilik) deya baholanib, sudlanuvchiga yana 5 sutka qamoq jazosi tayinlandi. Fuqarodan davlat foydasiga qamoqda saqlash xarajatlari uchun 152 045 so‘m davlat boji undiriladigan bo‘ldi.

Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, fuqaro SH.A. Qarshi shahar Ma’muriy sudining 26 apreldagi qaroriga ko‘ra, bundan avval ham 10 sutka ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqan. O‘shanda u o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, so‘ralgan hujjatlarni taqdim etmagan holda, YPX xodimini avtomobil kapotida olib harakatlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!