Zangiotada ro‘mol o‘rab, niqob taqqan ayol jarimaga tortildi

Zangiotada ro‘mol o‘rab, niqob taqqan ayol jarimaga tortildi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ro‘mol o‘ragan va matodan niqob taqqan ayol jamoat joyida yuzini berkitib yurgani uchun jarimaga tortildi.

Sud hujjatida qayd etilishicha, 2024 yil 2 avgust kuni soat 11:51 lar atrofida Zangiota tumani, Amir Temur mahallasi Mustaqillik ko‘chasida fuqaro M.A.ga (ayol) jamoat joyida shaxsini identifikasiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda harakatlanib kelgani yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Sud majlisida M.A. 2023 yil sentyabr oyida Zangiota tumanidagi mebel sexida ishchi vazifasida ishlab kelishini ma’lum qilgan. 2024 yil 2 avgust kuni soat 11:50 da ayol tumanning Mustaqillik ko‘chasida joylashgan oziq-ovqat do‘koniga non va qattiq mahsulotini xarid qilish uchun yuzida «maska» (tibbiy niqob — tah.) taqilgan holatda ketayotgan vaqtida IIB xodimlari to‘xtatib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatini so‘ragan. Ayol ularga changga allergiyasi borligi shu sababli niqob taqib yurishini, ishxonasi ham chang ekanini aytgan.

Sud hujjatida qayd etilishicha, ayol IIB xodimlariga kasalligi haqida hech qanday hujjati yo‘qligini, jamoat joyida niqob taqib yurish mumkin emas ekanini bilmasligi ma’lum qilgan. U ishdan shoshib chiqqani sababli niqobini yechmagani uchun uzr so‘ragan.

Ayol sudda oilaviy sharoiti og‘irligi, voyaga yetmagan farzandlari borligi, yolg‘iz ayol ekanini bildirib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Sud ayolning ko‘rsatuvini tinglab, «ma’muriy ish hujjatlarini atroflicha o‘rganib chiqib, huquqbuzarning aybi ma’muriy ish hujjatlarini ko‘zdan kechirib, bayonnoma, fotojadvallar, tushuntirish xatlari hamda ishdagi boshqa ob’ektiv dalillar bilan o‘z isbotini topgan» degan xulosaga kelgan.

Sud ayolni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−4-moddasida (Jamoat joylarida shaxsini identifikasiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda bo‘lish) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga ushbu kodeksning 33-moddasini (Engilroq ma’muriy jazo chorasining qo‘llanilishi) qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravari miqdorida, ya’ni 1 700 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!