Yosh futbolchilarimiz Ispaniya turnirini g‘alaba bilan boshladi

Yosh futbolchilarimiz Ispaniya turnirini g‘alaba bilan boshladi

O‘zA xabar berganidek, Ispaniya poytaxti Madrid shahrida bolalar va o‘smir yoshdagi o‘g‘il-qizlar hamda imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasida an’anaviy “Madcup” xalqaro futbol turniri boshlandi.

To‘rtinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 34 mamlakatidan 200 ga yaqin jamoa ishtirok etmoqda.

E’tiborlisi, turnirda O‘zbekistondan Bekobodning “Metallurg” klubi huzuridagi “El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation” bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi 12 va 19 yoshli tarbiyalanuvchilari g‘oliblik uchun bahs olib boryapti.

Saralash bosqichida U-12 jamoamiz “G” guruhida Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Evro Sokker”, Ispaniyaning “Deportivo Yunion”, “Alkobendas” hamda “Sokker Sharks” klublari bilan ro‘baro‘ keladi.

17 yoshli futbolchilarimiz esa Kolumbiyaning “Atletiko Nasyonal”, Germaniyaning “Veen Visbaden”, AQShning “Inspayr sokker” hamda Ispaniyaning “Real Sosyedad Alkala” jamoalari bilan birga “C” guruhidan joy olgan.

Bosh murabbiy Murodjon To‘yiyev va uning yordamchisi Jo‘shqin Otabekov boshchiligidagi U-19 jamoamiz guruh o‘yinlarini g‘alaba bilan boshladi. Yigitlarimiz dastlabki raqib – “Inspayr sokker” klubi bilan kechgan murosasiz matchda 2:1 hisobida ustun kelishdi. Hamyurtlarimizning birinchi to‘pini Saiddin Mavlonov amerikaliklar darvozasiga joyladi. Chiroyli kombinasiya natijasida yuzaga kelgan g‘alaba goliga Navoiy futboli tarbiyalanuvchisi Farrux Ergashevning uzatmasidan so‘ng iste’dodli hujumchi Komron Omonov mualliflik qildi.

Yosh futbolchilarimizdan keyingi o‘yinlarda ham yaxshi natija kutib qolamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!