Yolg‘onchi hokimlik: Qashqadaryolik «mushtumzo‘rlar»dan aziyat chekkan ayol o‘z joniga qasd qilmoqchi

Yolg‘onchi hokimlik: Qashqadaryolik «mushtumzo‘rlar»dan aziyat chekkan ayol o‘z joniga qasd qilmoqchi

Avvalroq "nnews.uz"ga yordam so‘rab murojaat qilgan Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani Nuriston shaharchasi «Nurchi» MFY da yashovchi fuqaro Muxlisa Aliyeva deb tanishtirgan ayolga  ish topib berilgani, muammolarini hokimiyat hal qilishga va’da bergandi.

Afsuski, Nishon Tumani hokimligi yolg‘on gapiribdi.
Mas’ullarning va’dalari bajarilmay qoldi. Uztime.uz sayti  muxbiri Muqaddas Ismoilova voqeaning qolgan tafsilotlarini o‘rgandi.

NAHOTKI, YECHIM SHU BO‘LSA?…

Oradan oz emas, ko‘p emas ikki oydan oshiqroq fursat o‘tdi. Bu vaqt oralig‘ida M. Aliyevaning ta’kidlashicha, Talimarjon IES UK ning bir guruh «o‘zbilarmon», «mushtumzo‘r» va amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini «mensimaydigan» ayrim zo‘ravon xodimlari ustidan jabrlanuvchilar, Muxlisa Aliyeva, uning qaynonasi va onasi tomonidan IIB ga kiritilgan ariza ustidan sud bo‘lib o‘tgan. Ma’muriy sud tartibida ko‘rib chiqilgan ushbu «ish»da afsuski, sud xukmiga ko‘ra, qonunchilikka binoan har ikkala tomon bir xil aybdor deb topilgan va tegishli tartibda har ikkala tomonga bir xil miqdorda jarima jazosi qo‘llanilgan.

M.Aliyevaning ta’kidlashicha, sud tomonidan ko‘rib chiqilgan bu ish adolatli qaror topmagan. Chunki, ular ham «jabrlanuvchi», ham «tartibbuzar» sifatida «zo‘ravonlar» bilan bir qatorda tengma-teng jarimaga tortilgan.

BIZNING ULARDAN FARQIMIZ YO‘QMI?

-Oilaviy sharoitimizdan kelib chiqib, sud tomonidan belgilanishi mumkin bo‘lgan bu jarimani to‘lashga qurbimiz yetmasligi aniq edi. Buni sud hay’ati ham bilardi, shu boisdan bizning ilojsiz vaziyatimizdan foydalangan holda noiloj, o‘sha mo‘shtumzo‘rlar bilan kelishishga va «kechirim» qilishga majbur bo‘ldik,-deydi M. Aliyeva ko‘zda yosh bilan. Aslida belgilangan sud bir necha bor qoldirilganligidan ham uning adolat bilan qaror topishiga ko‘zim yetmagan edi.

Chunki, korxona ma’muriyati tomonidan vakil sifatida (aslida norasmiy qozi sifatida) yuborilgan «rejim» bo‘yicha javobgar Ne’mat Avezov Maqsudovich tanish-bilishlarini ishga solib, sud raisi bilan gaplashib, uni boshqa kunga qoldirishga urinishidanoq bu ish faqat va faqat o‘sha mushtumzo‘r, zo‘ravonlar foydasiga hal bo‘lishini ko‘nglim sezgandi. (Holat bo‘yicha videofakt mavjud) Shunday bo‘lsa-da, yuragimda baribir umid, ilinj bor edi. Afsus… mana shu ilinjim ham uzildi. Bilganimdek, nohaqlik tantana qildi.

BASITXANOVADAN KUTILGAN UMID O‘ZINI OQLAYDIMI?

Murojaatda ayol eng so‘nggi umidi Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi Elmira Basitxanovadan najot istab uning qabuliga ketayotganini aytib o‘tgan.

-Agar Basitxanova ham meni tinglamasa, unda o‘z jonimga qasd qilishga majburman. Chunki, yosh holimdan bunchalik asabbuzarlik va ruhiy siqilishda yashash menga og‘irlik qilayapti,-deydi ayol.

Masalaga aloqador barcha mutasaddilar, jumladan, tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Shohida Xo‘jaqulova va Qashqadaryo viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi Maqsuda Mustafayevalar va «Oila» ilmiy-amaliy markazi Nishon tuman bo‘limi boshlig‘i Mahmud Yazdanov ham xabardor. Ammo, ularning xabardorligi-yu, bergan qop-qop va’dalari «va’daligicha» qolib ketayapti. Ayol esa so‘nggi chorani – o‘lim deb bilayapti!

SO‘NGGI CHORA – AYOL BUNGA «MUNOSIB» EMAS…

Qiziq, holat. «Ish» jinoiy emas, ma’muriy sifatida baholangan ekan, nahotki, «O‘zim xon-ko‘lankam maydon» deydigan ayrim pastkash, onasi tengi ayolni ham ayamay kaltaklaydigan va bunga to‘liq vakolatimiz bor, deb da’vo qilayotgan manqurtsifat zo‘ravonlarning tanobini tortib qo‘yish (tuman, viloyat hokimligi yoinki tuman va viloyat prokuraturasi, IIB) yoki sudning vazifasi bo‘lmasa, unda bu holatga kim javob beradi? Tinimsiz oilaviy tortishuvlar va notinchlik tufayli yoshgina bir juvon o‘z joniga qasd qilishga urinmoqchi? Kelgusida uning bu xatti-harakati qanday oqibatlarga olib keladi? Ayni damdagi ayolning ruhiy holati-chi? Hali ona mehriga to‘ymagan go‘dakning taqdiri-chi? Bir oilaning barbod bo‘lishini kuzatib turish nechog‘lik adolatdan bo‘larkin, «JANOB SUD HAY’ATI?» Balki Oliy sud raisining bu kabi holatlardan mutlaqo xabari yo‘qdir?

Eng oxirgi umidi bo‘lgan sud ham adolat bilan qaror chiqarmasa, unda yuqorida keltiraganidek, inson o‘z joniga qasd qilishi shartmi? Nahotki, yechim shu bo‘lsa?! Tahririyat tuman, viloyat hokimligi, IIB, Prokuratura, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy sud mutasaddilaridan ushbu holat bo‘yicha javob kutib qoladi, deyiladi xabarda,


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!