Yaxshilik va yomonlik elchilari

Yaxshilik va yomonlik elchilari

Yakka o‘zingiz safarga chiqdingiz va oldingizda ikki yo‘l paydo bo‘ldi. Biri qiyin, toqqa ko‘tarilgan yo‘l bo‘lsa, boshqasi oson, kenglikka yastangan yo‘ldir. Birinchisining boshida hukumat osib qo‘ygan ko‘rsatkichda: “Bu yo‘lning boshi o‘nqir-cho‘nqir, toshloq, tikan-butali, yurish og‘ir, siljish qiyin bo‘lsada katta shaharga olib boradigan, ko‘zlangan maqsadga yetkazadigan eng to‘g‘ridir”, deb yozib qo‘yilgan. Ikkinchisi esa ravon, mevali va gulli daraxtlar soya tashlab turgan, chetlari ko‘ngilni hushlaydigan, ko‘zni quvnatadigan qahvaxona, o‘yinxonalarga to‘la. Lekin uning lavhasiga: “Bu yo‘l xatarli va tahlikali, oxiri muhaqqaq o‘lim va aniq halokatdir”, deb yozib qo‘yilgan.

Shunda siz qaysi yo‘ldan yurasiz?

Shubhasiz, nafs qiyiniga emas osoniga, alamlisiga emas lazzatlisiga moyil bo‘ladi. U erkinlikli sevadi, cheklovni yoqtirmaydi. Bu – Alloh nafsni uning ustida yaratgan fitratdir. Agar insonni nafs va havosiga qoldirilsa, unga bo‘ysinsa ikkinchi yo‘lni tanlaydi. Lekin bu holda aql aralashib, ortida benihoya alami bor qisqa va hozir mavjud lazzat bilan nihoyasida boqiy rohat bo‘lgan muvaqqat va qisqa qiyinchilik o‘rtasini mezonga qo‘yadi va birinchi yo‘lni ortiq biladi.  

Bu – jannat yo‘li va do‘zax yo‘lining misoli. 

Do‘zax yo‘li rohat, farog‘atli. Unga nafs moyil, havo undagan. Unda jamol va go‘zalliklariga nazar solish, shahvat va uning lazzatlariga istijobat bor. Unda molni turli yo‘llar bilan qo‘lga kiritiladi va u marg‘ub, ham mahbub. Erkin va ozodlik unda, nafs esa hurriyat va erkinlikni sevadi, cheklashlardan qochadi.

Jannat yo‘lida mashaqqat va qiyinchiliklar bor. Cheklov va chegaralar ham, nafsga qarshi borish va havoni sindirish ham unda. Lekin bu yo‘ldagi muvaqqat mashaqqatning oqibati oxiratdagi doimiy rohatdir. Do‘zax yo‘lidagi bir zumli lazzatning samarasi esa, jahannamdagi davomli alamdir. Misol aytaman, imtihon tunlaridagi talaba televizor qarshisida mukka tushgan oila a’zolarini surur va rohatda qoldirib, kitob va daftarlari bilan yakka o‘zi qolgan paytda qattiq og‘rinadi, alamlanadi. Bu alam ortidan esa u muvaffaqiyat lazzatini totadi. Yoki xasta inson isitma og‘rig‘i ustiga bir necha kun totli taomlar mahrumligiga ham sabr qiladi. Shu sabab bundan keyin sog‘lik saodatini qo‘lga kiritadi. 

Alloh oldimizga ikki yo‘lni qo‘ygan. Va bizga ularning o‘rtasini ajrata bilish malakasini bergan. Bu bilan yaxshilikni yomonlikdan farqlaymiz. Xoh olim bo‘lsin, xoh johil, xoh kattayu, xoh kichik, hamma agar yaxshi ish qilsa ko‘ngli rohatlanadi. Yomon ish qilib qo‘ysa bezovtalanadi. Balki bu malaka hatto hayvonda ham mavjud. Masalan, mushukka bir bo‘lak go‘sht otsangiz oldingizda uni shoshmasdan, xotirjam holda tanovul qiladi. Agar uni o‘g‘irlab ketsa sizdan uzoqda, shoshilgancha yeydi. Ta’qib qilib, olib qo‘ymasligingiz uchun ko‘zi sizda bo‘ladi. Buning ma’nosi, birinchi luqma uning haqqi ekanini, ikkinchisini esa nohaq qo‘lga kiritganini u idrok qildi, degani emasmi? 

Bu haq bilan botil o‘rtasini, halol bilan harom o‘rtasini farqlash emasmi?

It agar yaxshi ish qilsa egasiga yaltoqlanadi. Go‘yo undan mukofot kutayotgandek. Ammo bir gunoh ish qilib qo‘ysa dumini qisib, uzoqqa borib oladi. Go‘yoki uzrini izhor qilayotgandek yoki jazolanishni kutayotgandek.

Alloh taoloning "Balad" surasi, 12-oyatida “ Va Biz uni ikki balandlikka yo‘llab qo‘ydik!”, deganining ta’vili mana shudir.

Alloh taolo jannat yo‘li boshiga unga chaqiradigan, unga yo‘llaydigan chaqiruvchilar – payg‘ambarlarni qo‘yib qo‘ygan. Shuningdek do‘zax yo‘liga  unga chaqiradigan, unga targ‘ib etadigan chaqiruvchilar – shaytonlarni qo‘yib qo‘ygan. Va ulamolarni payg‘ambarlar merosxo‘ri qilgan. Muhammad qizi Fotima, dadasidan mol yoki uy meros olmagan. Ulamolar ham Muhammad  (s.a.v.)dan ushbu da’vatni meros olishgan. Kim uni o‘z o‘rnida qoyim qilgan bo‘lsa ushbu meros sharafiga haqli bo‘ladi.

Bu da’vat juda qiyin. Chunki bashariyat nafsi hurriyatga moyil qilib yaralgan. Din esa uni cheklaydi. Nafs lazzat ortidan chopishga moyil xalq qilingan. Din esa uni tutib qoladi. Kim uni fisq va isyonga chaqirsa tabiatiga muvofiq keladi. U bilan birga ariqda suv oqqandek ravon yuradi. 

Yomon o‘rtoq senga: “Bir joyda chiroyli qiz bor, yalang‘och raqsga tushadi”, deydi. Nafsing unga moyil bo‘ladi. Havoying unga talpinadi. Minglarcha shayton seni unga sudraydi. Uning eshigi oldiga kelib qolganingni o‘zing sezmay qolasan. Oldingga bir nasihatgo‘y kelib, undan seni qaytaradigan bo‘lsa, bunga ko‘nishing, nafsing maylini va qalbing havosini sindirishing qiyin bo‘ladi.

Yomonlik elchilari qiynalishmaydi, kuch sarflashmaydi. Lekin mashaqqat va kuch sarflash esa yaxshilik elchisi, nasihatgo‘ygadir. Yomonlik elchisining qo‘lida nafs mayl etadigan hamma narsa; ochiq avratlar, muharram shahvoniyat, ko‘z va quloq rohatlanadigan barcha narsalar hamda, qalb va jasad lazzatlari bor. Yaxshilik elchisida esa faqatgina man’ etish bor.

Masalan ochiq-sochiq yurgan qizni ko‘rganda uning chiroyiga mahliyo bo‘lib, unga mayl etasan. Yaxshilik elchisi esa: “Ko‘zingni olib qoch, unga qarama”, deydi. Tojir ribodan oson foyda ko‘radi. Qiynalmaydi. Aziyat chekmaydi. Nafs unga intiladi. U esa senga: “Qo‘y uni. Tashla. Qo‘lingni endi hech qachon unga cho‘zma!”, deydi. Amaldor sherigining bir daqiqada uning bir oylik maoshiga teng keladigan pora olganini ko‘radi va undagi farovonlikni va ehtiyojlarini qanday qondirayotganini tasavvur qiladi. Shunda yaxshilik elchisi unga ham: “Sen uni olma va quloq solma”, deydi. Ularning barchasiga deydi: “Kelajak, ko‘zimizga ko‘rinmas lazzatlarga erishish uchun bu mavjud va muhaqqaq lazzatlarni tark qiling. Hozir ko‘rmayotgan bilmayotgan narsalaringiz uchun ko‘rib turgan va bilgan narsalaringizni tashlang. Nafs mayllari va qalb havolariga qarshi kurashing!”. 

Bularning bari nafsga og‘irdir. Dinni og‘irlik bilan sifatlanganini inkor qilmang. Chunki bunday deb Alloh O‘zi Qur’onda sifatlagan: “Zero, Biz sizga og‘ir So‘zni – Qur’onni tushirajakmiz”. ("Muzzammil surasi", 5-oyat). Har qanday oliyjanoblik nafsga og‘irdir. Talabaning televizorni tashlab darsga o‘tirishi og‘ir. Olimning istirohatni tark etib o‘qish va o‘qitish bilan shug‘ullanishi og‘ir. Uxlab yotganning issiq to‘shakni tashlab bomdod namoziga turishi og‘ir. Erning xotini va bola-chaqasini tashlab safarga ketishi og‘ir.

Shuning uchun ham solihlardan tolihlarning, to‘g‘ri yo‘lda yurgan zokirlardan zalolatda adashgan g‘ofillarning ko‘pligini ko‘ramiz. Shuning uchun ham tafakkur va dalilsiz ko‘pchilik ortidan ergashish aksar zalolatga olib borganiga guvohmiz. “Er yuzidagi kimsalarning juda ko‘plariga itoat qiladigan bo‘lsangiz, sizni Allohning yo‘lidan ozdirurlar”. ("An’om surasi", 116-oyat) Agar ozlik va nodirlik, oliylik va qadr belgisi bo‘lmaganda, olmos nodir hisoblanib, ko‘mir esa ko‘p va serob bo‘lmasdi. Daholar, iste’dodlar va yorqin shaxsiyatlar esa odamlarning kamchiligini tashkil qilmasdi. 

Albatta payg‘ambarlar va ularning merosxo‘rlari bo‘lgan solih olimlar jannat yo‘liga chaqiruvchi kishilardir. Shaytonlar va odamlarning buzg‘unchi fosidlari esa do‘zax yo‘liga chaqiruvchi kimsalardir. Bizda, bizning ichimizda ularning ham, bularning ham yordamchilari bordir. Ichimizda payg‘ambarlarga tarafkashlar va shaytonlarga tarafkash toifa – yomonlikka buyuruvchi nafs bor.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!