Yashil pasport bilan grin-kart yutganlar AQShga keta oladimi?

Yashil pasport bilan grin-kart yutganlar AQShga keta oladimi?

«Oldingi oddiy pasportim bilan grin-kart yutganman, endi xorijga chiqish pasporti bilan AQShga keta olamanmi? Xorijga chiqish pasporti bilan anketa to‘ldirmagan bo‘lsam-da, yashil pasportimda xorijga chiqish stikeri bor, muammo bo‘lmaydimi?»... o‘quvchilarning shu kabi qator savollari asosida AQShning Toshkentdagi elchixonasi konsullik bo‘limiga murojaat qildik.

«Grin-kart qoidasiga ko‘ra, ariza beruvchi shaxs qaysi pasport bilan mamlakatdan chiqib ketishni reja qilgan bo‘lsa, o‘sha pasportni arizada ko‘rsatishi kerak. Bu haqda bir necha marta ommaviy axborot vositalarida ham ma’lum qilingan.

Xususan, 2021 yil uchun anketa to‘ldirish jarayonida talabgorlar xalqaro sayohat pasporti seriyasini ham kiritishlari talab etilishi hamda lotereyada qatnashishni istovchi O‘zbekiston fuqarolari xorijga chiqish pasportini (qizil pasport) olishlariga to‘g‘ri kelishi aytilgan. Ya’ni, grin-kart anketasida xorijga chiqish pasporti seriyasi kiritilgan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, grin-kart anketasi to‘ldirishda yashil pasport seriyasi kiritilgan va bu pasportda xorijga chiqish stikeri mavjud ishtirokchilar ham bor. Ishtirokchilar «OVIR» stikeri muddati 2020 yil 31 dekabrgacha. Grin-kart lotereyasi esa 2021 yil uchun o‘ynalgan. Shunday ekan, muammo yuzaga kelishi mumkin. Yuqorida aytilganidek, xorijga chiqish qaysi pasport bilan ko‘zda tutilgan bo‘lsa, grin-kart anketasida o‘sha pasport seriyasi kiritilgan bo‘lishi kerak (ya’ni, yashil pasport bilan grin-kart o‘ynab, yutganlar qizil pasport bilan AQShga keta olmaydi).

Uchrab turadigan yana bir holat: agar texnik yoxud boshqa sabab bilan grin-kart uchun ariza bergan kishi ismini noto‘g‘ri ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘yindan (jarayondan) chetlatilishi mumkin.

AQSh prezidenti qarori 2020 yil 31 dekabrgacha ma’lum bir chet el fuqarolari uchun AQShga kirishni to‘xtatib turadi. Bu qaror grin-kart arizachilari uchun qandaydir istisnoni o‘z ichiga olmaydi. Bu yil grin-kart o‘ynaganlar lotereyani 2021 yil uchun yutgan, ya’ni bu qaror ularga aloqador emas», deyiladi AQSh elchixonasi konsullik bo‘limining Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!