Yanvarning eng qimmat transferlari haqida bilasizmi?

Yanvarning eng qimmat transferlari haqida bilasizmi?

Yanvardagi transferlar oynasi klublar uchun biroz tavakkalroq davr bo‘ladi. Negaki, jamoalarning bu paytda qilgan qarorlari doim ham to‘g‘ri bo‘lib chiqavermaydi. Yanvarda sotib olingan futbolchilarning ko‘pi yangi klublariga moslashishga qiynaladi. Ayrimlari jamoa uchun najot bersa, qolganlari esa faqat muammo keltiradi. Quyida 2017 yildan beri qilingan APLning eng qimmat transferlariga nazar tashlaymiz.

5. Mixail Mudrik («Chelsi»ga «Shaxtyor»dan – 62 million funt)

Mudrik 2023 yilning yanvarida «Arsenal»ga o‘tishi kutilayotgandi. Hatto bu haqida Fabrisio Romano ham xabar beradi. Ammo yakunda bu voqea yuz bermadi. Mudrik uchun poygada «Chelsi» yutib chiqib, so‘nggi soniyalarda hujumchini o‘ziniki qilib oldi. Ukraina terma jamoasi a’zosi sekinlik bilan yaxshilanib borayotganini ko‘rsata boshladi. Ammo uning oldida hali uzoq yo‘l bor. Mudrik o‘z puliga arzishini isbot qilishi lozim.

4. Dushan Vlaxovich («Fiorentina»dan «Yuventus»ga – 66.6 million funt)

«Yuventus» azaldan «Fiorentina»dan futbolchi xarid qilishni yaxshi ko‘radi. Roberto Bajo, Federiko Bernardeski va Federiko Kyezalarni aynan mana shu klublar o‘rtasidagi kelishuvlar natijasida taniganmiz. 2022 yilning yanvarida Vlaxovich navbatdagi nom sifatida Florensiyadan Turinga ko‘chib o‘tadi. Serbiyalik «Yuventus» libosidagi ilk o‘yinida «Verona» darvozasini ishg‘ol etadi. Afsuski, keyinchalik muammolar ko‘zga tashlana boshladi. Vlaxovichning hozirga qadar turinliklar safidagi natijalari kutilganiday bo‘lmadi. Shu sabab, u tez orada jamoasini almashtirishi kutilmoqda.

3. Virjil Van Deyk («Sautgempton»dan «Liverpul»ga – 75 million funt)

Yuqorida yanvarda yuz bergan transferlar ko‘ngildagidek bo‘lmasligi haqida aytgan edik. Ammo ushbu fikr van Deykka tegishli emas. «Liverpul» uni sotib olib, adashmadi. Zamonaviy futbolda kamdan kam xaridlar Virjil van Deykniki kabi omadli kechadi. Niderlandiyalik Klopp jamoasida muhim figuraga aylanib ulgurgan. Himoyada van Deyk bo‘lgani sababli ham, «Liverpul» yaqin yillar ichida barcha sovrinlarni qo‘lga kirita oldi.

2. Enso Fernandes («Benfika»dan «Chelsi»ga – 106.8 million funt)

Fernandesning Yevropada 100 millionlik yarim himoyachiga aylanish tezligi yashinnikidan qolishmaydi. Bunda 2022 yilgi mundial katta rol o‘ynadi. Shu sababli «Chelsi» katta mablag‘lar evaziga uni olib keldi. Afsuski, klubdagi muammolar Fernandesga o‘zini ko‘rsatish uchun imkon bermayotir. Argentina terma jamoasi a’zosi APLga kelganidan buyon asosan 10 o‘rindagi jamoada yuribdi.

1. Filippe Koutinyo («Liverpul»dan «Barselona»ga – 142 million funt)

Koutinyo uchun 2018 yilda qilingan to‘lov juda shishirib yuborilgan edi. Ammo braziliyalik haqiqatdan ham o‘z vaqtida 100 milliondan ortig‘iga arziydigan futbolchi bo‘lgan. U Luis Suaresdan keyin «Liverpul»da eng katta yulduzga aylanadi. Oradan ko‘p o‘tmay, «Barselona» uni sotib oldi. Koutinyoning qadami kataloniyaliklar uchun juda og‘ir keldi. Negaki, o‘sha davrdan boshlab klubda moliyaviy qiyinchiliklar hukm sura boshladi. 2022 yilda vanihoyat «Barsa» Koutinyo va uning katta maoshidan qutildi. U «Aston Villa»ga sotib yuboriladi.

ISMATOV J.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!