O‘zbekistonda umra safarini lisenziyasiz amalga oshirganlar jarimaga tortilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda umra safarini lisenziyasiz amalga oshirganlar jarimaga tortilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda senatorlar umra ziyoratiga borib kelish tartibini takomillashtirishga doir qonunni ma’qulladi.

Senatning 18 may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida qayd etilishicha, keyingi yillarda fuqarolarning umra ziyoratiga borib kelishida turli muammolarga duch kelish holatlari aniqlanmoqda.

Xususan, turizm faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayrim tadbirkorlar umra safariga ketish haqidagi reklamalarda berilayotgan va’dalarini bajarmayotgani, manzilga yetib borganda mehmonxonalar bilan bog‘liq muammolar mavjudligi, ko‘p hollarda esa ziyoratchilar borish-kelishda samolyot reyslarining belgilangan sanadan kechikishi kabi holatlarni misol qilib keltirish mumkin.

Senatorlar tomonidan muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bu kabi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Mazkur qonun ziyoratchilar umra amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, xorijda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun bilan “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yangi lisenziyalanadigan faoliyat turi joriy etilmoqda. Bunda ushbu lisenziya Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan berilishi hamda ushbu lisenziyani olish uchun BHMning 10 baravari miqdorida davlat boji belgilanmoqda.

Mazkur qonun bilan amalga oshirilishi uchun ruxsat va tegishli hujjatlarni talab etadigan faoliyat turlari qatoriga davlat xaridlari elektron tizimi operatori faoliyatini amalga oshirganlik uchun ham ruxsatnoma olish qo‘shimcha sifatida kiritilmoqda.

Bundan tashqari, lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar qatoriga qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Endilikda umra tadbirlarini lisenziyasiz amalga oshirish yoki lisenziyalarni qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olish BHMning 200 baravarida jarimaga sabab bo‘ladi.

Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi fuqarolarning muqaddas amallarini emin-erkin va xavfsiz bajarishiga, bu borada huquq va erkinliklarining kafolatlanishiga, turli firibgarliklarning oldi olinishiga, eng muhimi mazkur jarayonda har bir fuqaro davlat himoyasida bo‘lishiga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!