O‘zbekistonlik talabalarga Xitoy universitetlarida tahsil olishi uchun stipendiya taqdim etiladi

O‘zbekistonlik talabalarga Xitoy universitetlarida tahsil olishi uchun stipendiya taqdim etiladi

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov va Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati hukumati raisi Erkin Tuniyaz O‘zbekiston fuqarolariga Xitoy oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun stipendiyalar taqdim etish to‘g‘risida kelishuvni imzoladi.

Tomonlar oliy ta’lim muassasalari va ilmiy muassasalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, texnologiya va menejment sohasida tajriba almashishni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro tashriflar hamda o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar almashinuvini amalga oshirishga kelishdi.

Shuningdek, qo‘shma tadqiqot guruhlarini yaratish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni olib borish ham kelishuvning uzviy qismi bo‘ldi.

Shartnomaga ko‘ra, Xitoy tomoni har yili noyabr oyining oxirigacha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Xitoyda tahsil olishi mumkin bo‘lgan oliy o‘quv yurtlari ro‘yxatini, shuningdek, stipendiya dasturlari shartlari va talablari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi esa Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanidagi universitetlarda o‘qish uchun tavsiya etilgan talabalar ro‘yxatini taqdim etadi.

Chet el fuqarolari orasidan stipendiya egalari uchun o‘qish muddati milliy ta’lim tizimi talablariga muvofiq qabul qiluvchi tomonidan belgilanadi.

Xitoyda o‘qish uchun nomzodlar ma’lum darajadagi xitoy tilini bilishi talab etiladi.

Zarur hollarda stipendiyaga tavsiya etilgan talabalar uchun til kurslari tashkil qilinishi mumkinligi ham inobatga olingan.

Birlamchi kelishuvga ko‘ra, stipendiyalar o‘qish, to‘lovlar va turar joy, sug‘urta mukofotlari (shu jumladan, tibbiy sug‘urta) va yashash xarajatlarining bir qismini qoplashi nazarda tutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!