O‘zbekistonda xususiy pensiya fondlari tashkil qilishga ruxsat berilishi mumkin

O‘zbekistonda xususiy pensiya fondlari tashkil qilishga ruxsat berilishi mumkin

O‘zbekiston hukumati pensiya islohotini jadallashtiradi. Pensiya fondlariga qimmatli qog‘ozlar bozoriga investisiya yo‘naltirish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, xususiy pensiya fondlarini tashkil qilishga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda kapital bozoriga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyasida O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Atabek Nazirov ma’lum qildi.

Nazirovning aytishicha, kapital bozori mazkur islohotdan manfaatdor bo‘lib, Moliya vazirligi bilan yaqin hamkorlikka tayyor. Kelasi yil oxirigacha fundamental qonun loyihasi tayyorlanishi kutilyapti. Hozirda eng yaxshi xorijiy tajriba o‘rganilmoqda va O‘zbekiston uchun eng maqbul pensiya islohoti modelini tanlash imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

Mutaxassislarning aytishicha, mamlakatga haqiqatan ham xususiy pensiya fondlari kerak. Sababiki, hozirgi yagona pensiya fondga oylikdan muayyan miqdorda majburiy o‘tib turadi. Ammo yillar o‘tib, bu pullar inflyasiya sabab hech nima bo‘lmay qoladi. Xususiy pensiya fondlari paydo bo‘lishi bilan ular o‘rtasidagi raqobat kuchayadi, daromadli takliflar yuzaga keladi. Bu esa odamlarni kelajak uchun pul jamg‘arib borishga rag‘batlantiradi. Buning uchun pensiya fondlari investisiya faoliyati bilan shug‘ullanishi kerak bo‘ladi.

Xususiy pensiya fondlari nima degani?

Har bir fuqaro keksalik davri uchun jamg‘armalarini yo‘naltirish masalasini mustaqil hal qiladi. Pul ko‘payayotganini real vaqtda kuzatib boradi, xohlasa, mablag‘larini bir fonddan olib, boshqa fondga yo‘naltiradi.

Atabek Nazirovning aytishicha, davlat pensiya fondi va unga majburiy pul ajratmalari saqlanib qoladi. Ammo ishchilarda pul jamg‘arishning bank depozitida pul saqlashdan boshqa yana bir qulay imkoniyati paydo bo‘ladi. Bunda u o‘zi tanlagan pensiya fondiga yoki pensiya hisob varaqasiga ixtiyoriy pul o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. O‘tkazilgan pul soliqdan ozod qilinadi. Keyin ushbu pulni qanday qilib ko‘paytirish (qimmatli qog‘ozlarga investisiya qilish, depozitga qo‘yish, naqd ushlab turish) o‘zining qo‘lida bo‘ladi. Ushbu jamg‘armadan pulni pensiya yoshiga yetmasdan turib ham chiqarib olishi mumkin bo‘ladi. Faqat unda oldin ozod qilingan soliqlarni to‘lab qo‘yadi.

Konferensiyada aytilgan yana bir narsa – O‘zbekistonda banklarning qimmatli qog‘ozlarga investisiya kiritishi masalasi bo‘ldi. Dunyo qimmatli qog‘ozlar bozorlarida eng yirik o‘yinchilardan biri banklar hisoblanadi. O‘zbekistonda banklar o‘zinikidan tashqari aksiyalarning oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishi taqiqlangan. Aytishlaricha, ushbu taqiqni ham olib tashlash rejalashtirilmoqda.

Manba: davletovuz ​


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!