O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid investision loyihalar amalga oshirilmoqda

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid investision loyihalar amalga oshirilmoqda

«Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berildi.

Bugungi kunda sanoat sektori dunyodagi yillik birlamchi energiya iste’molining qariyb 40 foizini tashkil qiladi. Bu yo‘nalishda ISO 50001 xalqaro standarti qabul qilingan bo‘lib, u energiya samaradorligi masalalarini tartibga soladi. Energiya resurslaridan samarali, ya’ni oqilona foydalanishga qaratilgan jarayonlar majmui – energiya samaradorligiga beriladigan birlamchi ta’rifdir.

Binolarning energiya ta’minoti yoki ishlab chiqarish jarayonlari uchun kamroq energiya sarflash evaziga kerakli natijaga erishish samaradorlik ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Shu ma’noda, respublikamiz miqyosida ham iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohasida energiya tejamkorligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Xayriddinov «Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi tomonidan Janubiy Koreyaning 2,3 mln dollarlik grant mablag‘lari hisobiga «O‘zbekiston Respublikasida kondisionerlarning energiya samaradorligini baholash sinov laboratoriyasini tashkil etish» loyihasi amalga oshirildi.

Mazkur loyiha natijasida, energiya sarfi yuqori bo‘lgan kondisioner mahsulotlarini muomalaga chiqarilishini oldini olish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotining energiya sarfi hajmini qisqartirish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan hamda import tarzida kirib keladigan kondisionerlarning energiya samaradorligini baholash imkoniyati yaratildi.

Shu bilan bir qatorda, mahalliy korxonalar va tadbirkorlik sub’ektlarining mahsulotlari sifatini yaxshilash, raqobatbardoshligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga erishiladi.

Bu borada, Markazning Piskent tumanida joylashgan sinov laboratoriyalar majmuasi xalqaro talablarga muvofiq ravishda ta’mirlanib, zarur bo‘lgan sinov jihozlari va o‘lchash vositalari bilan ta’minlandi.

Shuningdek, 5 nafar mutaxassislar Koreya Respublikasida kondisionerlarni energiya samaradorligini baholash laboratoriyalarida o‘z malakasini oshirdi va ushbu yo‘nalish va muvofiqlikni baholash tizimi bo‘yicha tashkillashtirilgan o‘quv-treninglarida ikki mamlakat mas’ullari o‘zaro tajriba almashdi.

Bundan tashqari, sinov laboratoriyalari tomonidan rasmiylashtirilayotgan xulosalarni xalqaro darajada tan olinishiga erishish maqsadida, loyiha doirasida xalqaro ISO 5151 standartini amaliyotga joriy etish bo‘yicha O‘zDSt ISO 5151 standarti ham qabul qilindi.

Bugungi kunda O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi hamda Janubiy Koreya Respublikasining «Korea Conformity Laboratories» tashkiloti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangan.

Unga asosan, muvofiqlikni baholash sohasida olib borilgan sinov natijalarini o‘zaro tan olinishini ta’minlash maqsadida ikki tomonlama solishtiruv sinovlarini olib boriladi. Shuning bilan birga, Xodimlar malakasini oshirish yuzasidan qo‘shma seminarlar o‘tkazish, Koreya laboratoriyalarida tajriba almashishlarini yo‘lga qo‘yiladi. Xalqaro akkreditasiyadan o‘tgan sinov laboratoriyalarini tashkil etish bilan birga ulardan foydalanish bo‘yicha ikki davlatning texnologiya va innovasiyalarini hamkorlikda amaliyotga joriy qilinadi.

Bundan tashqari, mahsulotlarning energiya samaradorligini baholash sohasida axborot, bilim va mutaxassislar almashinuvi hamda uzoq muddatli hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan hamda chetdan import tarzida kirib kelayotgan kondisionerlarning energiya samaradorligini to‘liq baholash imkoniyati vujudga keladi.

Bu orqali, eksportga mahsulot chiqaradigan mahalliy korxonalar qo‘llab-quvvatlanadi va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport faoliyatidagi ishtiroki har tomonlama rag‘batlantiriladi. Shuningdek, O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi sinov laboratoriyalari tomonidan rasmiylashtirilayotgan xulosalarni xalqaro darajada tan olinishiga erishiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!