O‘zbekistonda xalqaro ekologik oromgoh ish boshladi

O‘zbekistonda xalqaro ekologik oromgoh ish boshladi

23 iyun kuni Samarqand shahrida Xalqaro ekologik oromgoh ish boshladi.

Joriy yilda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ekologiya faollari safiga Ozarbayjon, Vengriya va Turkiyadan kelgan ishtirokchilar qo‘shildi.

Tashkilotchilar — “Zamin” xalqaro jamoat fondi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, UNICEF, BMTning Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO).

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yoshlarning rolini yoritish, yosh ekologik faollarga o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surish imkoniyatini berish, mazkur hududlarda yoshlar ekologik harakatining integrasiyalashuviga ko‘maklashishdan iborat.

Oromgoh doirasida seminarlar, xalqaro ekspertlar bilan iqlim kun tartibidagi dolzarb mavzular bo‘yicha munozaralar bo‘lib o‘tadi, shuningdek, COP-29 ko‘rgazmasida mamlakatlar taqdim etishni rejalashtirayotgan loyihalarni ishlab chiqish va muhokama qilish, ularda yosh eko-rahbarlar ishtirok etishi masalalariga e’tibor qaratiladi.

Samarqanddagi oromgoh dasturidan faol guruh mashg‘ulotlari, mahorat darslari va ekologik loyihalar muhokamasi o‘rin olgan. Toshkent shahrida esa ishtirokchilar ekomaktablar va "Green University"ga tashrif buyurib, ekologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalarini tinglashadi.

Shuningdek, tadbir dasturidan Samarqandning tarixiy diqqatga sazovor joylari - Go‘ri Amir maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasiga tashrif ham o‘rin olgan.

Tadbir 30-iyunga qadar davom etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!