“Rahmat senga, Qirg‘iziston, biz tez orada qaytamiz” — Durov Qirg‘iziston taassurotlari haqida

“Rahmat senga, Qirg‘iziston, biz tez orada qaytamiz” — Durov Qirg‘iziston taassurotlari haqida

Telegram asoschisi Pavel Durov Qirg‘izistonga tashrifi aks etgan suratlar va safar taassurotlarini o‘z muxlislari bilan bo‘lishdi. Kompaniya asoschisining izohlari Telegram’dagi Du Rove’s Channel kanalida e’lon qilingan.

Durov mamlakat haqida nihoyatda iliq fikrlarini bildirgan. Qirg‘iziston tog‘lari yaqinida otda uyushtirgan sayohatini mamnuniyat bilan eslab o‘tgan.

“Men Qirg‘izistonning odamlari va tabiatini yaxshi ko‘rib qoldim. Mamlakat Markaziy Osiyoning haqiqiy yashirin javohiri. Uning ob-havosi ajoyib edi, chivinlar yo‘q edi. Biz tog‘larda va Issiqko‘l atrofida piyoda va ko‘pincha otda sayr qildik. Shuni angladimki, Qirg‘iziston butun mamlakat bo‘ylab katta tezlikda ajoyib infratuzilmani yaratmoqda”, — degan Pavel Durov.

Telegram asoschisi o‘z izohlarida mamlakat aholisi orasida Telegram’dan foydalanish ko‘rsatkichi oshib borayotganini bildirgan. So‘nggi 4 oyda ushbu ijtimoiy tarmoqning Qirg‘izistonda mashhurligi 30 foizga oshgan.

“Mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi har oyda Telegram’dan foydalanadi, birgina so‘nggi to‘rt oyning o‘zida Telegram mashhurligi 30 foizga o‘sgan. U yerda bo‘lganimizda biz mahalliy telekom rahbarlari bilan uchrashib, qirg‘izistonlik Telegram foydalanuvchilari tajribasini yaxshilash yo‘llarini muhokama qildik”, — deya xabar bergan Durov.

O‘z izohlarida Pavel Durov mamlakatga yana qaytishi mumkinligiga ishora qilgan. Markaziy Osiyo bo‘ylab safari davom etishini bildirgan.

“Rahmat senga, Qirg‘iziston, biz tez orada qaytamiz. Sizning mehmondo‘stligingiz meni go‘zal Markaziy Osiyo bo‘ylab bo‘lajak sayohatlarimga ilhomlantirmoqda”, — deya fikrini xulosalagan Telegram messenjeri asoschisi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!