O‘zbekistonda ketma-ket 3 oydan buyon avtomobil bozorida faollik pasaymoqda

O‘zbekistonda ketma-ket 3 oydan buyon avtomobil bozorida faollik pasaymoqda

O‘zbekistonda mart oyida 96,5 mingta yengil avtomobillar sotildi, bu o‘tgan oyga nisbatan 12,1 foizga kam. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Daryo”ga taqdim etgan tahlilida keltirilgan.

Qayd etilishicha, ketma-ket uchinchi oydirki, avtomobil bozorida faollikning pasayishi kuzatilmoqda. Faqat yengil elektromobillar segmentida bir oz o‘sish qayd etilgan. Mart oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakatda avtotransport vositalarining umumiy savdosi deyarli 109 ming donani tashkil etgan. Umuman olganda, avtomobil bozori oy davomida 5,8 foizga kamaygan.

Hududlar bo‘yicha Surxondaryo, Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida yengil avtomobillar bozorida savdo hajmining eng katta pasayish qayd etilgan. 2024 yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, yengil avtomobillar savdosi 3,2 foizga qisqarib, 334,3 mingta avtomobilni tashkil etgan.

Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat

Mart oyi davomida sotuvlar 16,7 foizga kamaygan holda 24 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etgan. O‘tgan yilga nisbatan avtomobil bozorining ushbu segmenti 0,2 foizga bir oz o‘sgan.

Shu bilan birga, oy davomida mamlkatda ishlab chiqarilgan 19,54 mingta yengil avtomobillari sotilgan, bu o‘tgan yilning mart oyiga nisbatan 17,2 foizga kam.

Xorijda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar segmenti

Oy davomida xorijda ishlab chiqarilgan avtomobil bozori savdosi 13,7 foizga pasaygan. Martda jami 2,3 mingta xorijiy avtomobillar sotilgan. O‘tgan yilning mart oyiga nisbatan sotuvlar 20 foizga kamaygan.

Ikkilamchi bozorda sotuvlar esa 10,6 foizga kamaygan. Mart oyida jami 74,6 mingta haydalgan yengil avtomobillar sotilgan. Yillik ko‘rsatkichlarda 16 foizga sezilarli pasayish kuzatilgan.

Elektromobillar bozoridagi vaziyat

Elektromobillar bozori mo‘tadillasha boshlagan. Shunday qilib, mart oyida yengil elektromobillar savdosi atigi 0,1 foizga oshgan. Biroq yillik hisobda sotuvlar 2,4 barobar oshgan. 2024 yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, savdo hajmi ham 3,7 barobarga ko‘payib, 8 mingta avtombildan oshgan.

Avvalroq UzAutoMotors 2023 yilda ishlab chiqargan yengil avtomobillarning 118 093 donasi Cobalt hissasiga to‘g‘ri kelgani va bu boshqa rusumlar ichida eng ko‘p miqdor ekani xabar qilingandi. Eslatib o‘tamiz, kompaniya 2023 yil 25 – 27 dekabr kunlari Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun jami 171 ming 200 dan ortiq onlayn shartnomalar tuzdi. Mazkur avtomobillar 2024 yilda ishlab chiqarilishi va mijozlarga yetkazilishi rejalashtirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!